Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari ishtirokida yigʻin oʻtkazildi

0
689

Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida joylashgan umumtaʻlim maktablari hamda oʻrta maxsus taʻlim muassasalarining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari uchun “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirish” mavzusida bir kunlik oʻquv yigʻinlari oʻtkazildi.

Yigʻinda Jizzax viloyatidan 550 ga yaqin fan oʻqituvchisi Jizzax garnizonidagi harbiy qismda, Navoiy viloyatida 350 nafardan ziyod oʻqituvchis garnizon harbiy qismida, Samarqand viloyatidan esa 1250 nafarga yaqin oʻqituvchi 2 ta oʻquv nuqtasi — Samarqand hamda Kattaqoʻrgʻon garnizonidagi harbiy qismlar tashkil etilgan yigʻinda ishtirok etishdi.

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi rahbarligi ostida oʻtkazilgan ushbu yigʻinlar tanqidiy ruhda oʻtkazilib, unda oʻquvchilar boshlangʻich tayyorgarlik fanini chuqur oʻzlashtirish borasida yoʻl qoʻyayotgan kamchiliklar, moddiy texnik bazasini yaxshilash boʻyicha mudofaa ishlar boshqarma va boʻlimlarining hisoboti tahlil etildi.

Mudofaa vazirligi “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatiga aʻzo boʻlgan va tantanali ravishda vaʻda bergan otryad aʻzosi zimmasiga yuklatiladigan masʻuliyat va javobgarlik, ona Vatanga sadoqat, fidoyilik borasida tushunchalarni chuqurroq anglatish lozimligi aytib oʻtildi.

Shuningdek, oʻquvchi yoshlarni “Temurbeklar maktabi”, oliy harbiy taʻlim muassasalariga jalb etish va har bir taʻlim muassasasida yaratilgan sharoitlar, taʻlim jarayonlari hamda oʻqishga kirish tartibi haqida yoshlarga keng targʻib etish boʻyicha maʻlumotlar berildi.

Yigʻin yakunida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda oʻrnak boʻlayotgan bir guruh ustozlarga okrug qoʻmondonligining tashakkurnomasi topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati