Harbiy qismlarda Amir Temur tavalludining 687 yilligi keng nishonlanmoqda

0
1243

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 687 yilligi munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbir avvalida harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan musiqa sadolari ostida harbiy qism saf maydonidagi Sohibqiron monumenti poyiga gulchanbar qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi.

Shundan so‘ng, tadbir harbiy qism madaniyat markazida davom etib, unga keng jamoatchilik, oʻquvchi yoshlar va madaniyat xodimlari taklif qilindi. “Amir Temur – buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda” deya nomlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir buyuk sarkardaning hayot va faoliyati haqidagi videorolik bilan boshlandi. Birin-ketin harbiy xizmatchilar va oʻquvchi yoshlar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi. Taniqli soʻz ustalari, xonandalar va harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan chiqishlar hamda kuy-qoʻshiqlari tadbir ishtirokchilariga birdek manzur boʻldi.

Tadbir davomida Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yaqubov soʻzga chiqib, faol ishtirok etganlarni, jumladan, mehmon va oʻquvchi yoshlarga oʻz minnatdorligini bildirdi. Ularga qo‘mondon nomidan tashakkurnomalar, esdalik va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Shuningdek, Sharqiy harbiy okrug maʻnaviyat va maʻrifat markazida ham tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda faxriylar, Fargʻona davlat universitetining temurshunos olimlari, professor-oʻqituvchilar, madaniyat xodimlari, Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi oʻquvchilari, harbiy xizmatchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida mutaxassislar tomonidan Sohibqiron Amir Temurning harbiy sanʻati, hayoti va faoliyati, Temuriylar davrining boy maʻnaviy merosi, bunyod etilgan obidalar va yodgorliklar kabi mavzularda qiziqarli maʻlumotlar berib oʻtildi. Fargʻona garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan sahna koʻrinishlari ham namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti