Bilim yurtida “Uch avlod uchrashuvi” oʻtkazildi

0
523

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida “Keksalar yoshlar nigohida” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Unda Chirchiq shahri Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, Mudofaa vazirligi faxriylari, bilim yurti kursantlari, hududdagi maktab, litseyning o‘quvchi yoshlari hamda Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalari ishtirok etdi.

Mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad — Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan murojaatnomasida nazarda tutilgan vazifalar ijrosini taʼminlash, keksalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faollliklarini yanada oshirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdan iboratdir.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan amaliy ishlarga alohida toʻxtalib oʻtishdi. Ayniqsa, keksalarning boy hayotiy tajribasini yoshlarga yetkazish, ular bilan hamisha muloqotda boʻlish, taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor qatarishning ahamiyati haqida soʻz yuritildi.

Shuningdek, mustaqillik yillarida Vatan himoyasi yoʻlida vafot etgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolariga Chirchiq shahar hokimligi va bilim yurti rahbariyati tomonidan sovgʻalar ulashildi.

Uch avlod uchrashuviga shahar maʼnaviyat markazi xonandalari, hududdagi musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchilari, Chirchiq davlat pedagogika universiteti talabalarining kuy-qoʻshiqlari oʻzgacha fayz kiritdi.

Ro‘ziqul Ochilov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti