Navoiyda “Vatanparvarlar” musobaqasining viloyat bosqichi g‘olibi nomi ma’lum bo‘ldi

0
622

Markaziy harbiy okrugning Navoiy gornizonidagi harbiy qismda oʻtkazilgan “Vatanparvarlar” musobaqasining viloyat bosqichida Navoiy viloyatining 9 ta tuman va 2 ta shaharlaridagi umumiyta’lim maktablaridagi “Vatan tayanchi” harakatiga a’zo 10—11-sinf oʻquvchilaridan iborat jamoalar gʻoliblik uchun bellashdi.

Bosqichma-bosqich o‘tkazib kelinayotgan mazkur “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi yoshlarda harbiy vatanparvarlik tuygʻulari kamol topishiga, ularning jismoniy va aqliy salohiyatlari mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Bellashuvlar davomida har birining tarkibida 10 nafardan ishtirokchi bo‘lgan jamoalar 6 ta shart bo‘yicha kurashdi. “Safda qoʻshiq aytish”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Mohir mergan”, “Jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish”, “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlari ishtirokchilardan jamoaviy harakat qilish, chaqqonlik, tartib-intizom va bor bilimlarini ishga solishni talab qildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 3-oʻrinni Konimex tumanidan kelgan “Temur vorislari” jamoasi egallagan bo‘lsa, 2-oʻrin Nurota tumanining “Qalqon” jamoasiga nasib etdi. Faxrli 1-oʻrin hamda respublika bosiqichi yoʻllanmani Navoiy shahrining “Lochin” jamoasi qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida okrug qoʻmondonligi tomonidan gʻolib va sovrindorlar okrug qoʻmondonligi, viloyat hokimligi va Mudofaa ishlar boshqarmasi, Yoshlar agentligi tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati