Muddatli harbiy xizmatga otlangan oʻgʻlonlar tantanali kuzatildi

0
1052

Termiz shahrida muddatli harbiy xizmatga otlangan bir guruh mard, jasur oʻgʻlonlarni tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning joriy yil fevral oyidagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini oʻtab boʻlgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan tadbirda Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻi polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev, Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi viloyat boʻlimi, Termiz harbiy prokuraturasi, faxriylar va nuroniylar, keng jamaotchilik vakillari, askarlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning tinch, farovon hayotimizni taʼminlashdagi oʻrni haqida atroflicha fikr yuritdi. Chaqiriluvchilarning Vatan oldidagi yigitlik burchini sharaf bilan oʻtashiga omad tilab, ularning Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimiz jasoratiga sodiq boʻlishiga katta ishonch bildirdi.

Vatan himoyasiga otlangan askarlarga harbiy orkestr kuy-sadolari ostida “Armiya — hayot maktabi” kitobi, sanitariya-gigiyena vositalari topshirildi.

Shuningdek, Samarqand garnizonidagi harbiy qismda ham Vatan oldidagi muqaddas burchni bajarishga otlangan yigitlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatuv marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda okrug qo‘mondonligi, Samarqand harbiy prokuraturasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi mintaqaviy bo‘limi hamda Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati kengashi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari hamda chaqiriluvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.

Yigitlik burchini ado etishga ketayotgan zabardast o‘g‘lonlarga mahalliy hokimlik tomonidan yuvinish anjomlari maxsus jamlanmasi hamda tarqatma materiallar sovg‘a qilindi.