Matonat va mardlik maktabiga kuzatuv

0
899

Vatanga xizmat qilish istagi, bu avvalo, tarbiya va xulq, jismoniy yetuklik va ulkan maqsadlar birlashuvidan yuzaga keladiki, buni har bir oʻgʻlon ongli ravishda his qilishi zarur.
Bugun, 4-aprel kuni Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi yigʻuv punktida yurt himoyasiga otlangan bir guruh oʻgʻlonlarni muddatli harbiy xizmatga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.

Kuzatuv marosimida ota-onalar, harbiy xizmatchilar, faxriy mehmonlar va faollar jam boʻlishdi.

 

Bayramona tadbirni Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi polkovnik Elmurod Xadjiahmadov ochib berar ekan, mamlakatimizda harbiy xizmatchilarga yaratilgan shart-sharoitlar oʻgʻlonlarimizning sohada chuqur bilim va tajribaga ega boʻlishlarini taʻminlashini, chinakam harbiy hayot esa ota-ona, aka-uka, opa-singil, qarindosh-urugʻ va albatta, oila qadrini anglatishda beqiyos ahamiyatga ega ekanini aytib oʻtdi.

Soʻz olganlar katta maqsadlar sari odimlayotgan ushbu yoshlar Qurolli Kuchlarimizning muhim boʻgʻini boʻlishiga ishonch bildirishar ekan, bu yoʻlda ularga kuch-gʻayrat va sabot tilashdi.

Chindan ham ushbu oʻgʻlonlarni oldinda aqlan va jismonan toblanish, sadoqat va vatanparvarlik tuygʻularini his qilish va anglash kabi muhim jarayonlar kutmoqda.

Endilikda ular milliy armiyamizda yaratib berilgan barcha imkoniyatlardan foydalanishlari, xizmatdan keyin esa oliy taʻlim muassasalariga imtiyoz asosida oʻqishga kirish, tadbirkorlik bilan shugʻullanish uchun imtiyozli kreditlar olish singari qator imkoniyatlarga ham ega boʻlishadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti