Jizzaxda “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining viloyat bosqichi g‘oliblari aniqlandi

0
647

Markaziy harbiy okrugning Jizzax garnizonidagi harbiy qismda 2020-yildan buyon an’anaviy tarzda o’tkazib kelinayotgan “Vatanaparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining viloyat bosqichi bo’lib o‘tdi.

Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ushbu musobaqada viloyatning 1 ta shahar va 12 ta tumanlaridagi umumiyta’lim maktablaridagi “Vatan tayanchi” harakatiga a’zo o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

Musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar “Safda qo‘shiq aytish”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Mohir mergan”, “Jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish”, “Temur tuzuklari bilimdoni” hamda “Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari a’lochi” kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda yoshlar nafaqt jamoaviy yutuq uchun, balki turli nominatsiyalar uchun kurash olib bordi. Musobaqani baholab borgan malakali harbiy xizmatchilar hamda mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra quyidagi natijalar qayd etildi:

1-o‘rin Jizzax shahridagi 21-maktabning “Matonat” jamoasi;
2-o‘rin Mirzacho‘l tumanidagi 8-maktabning “Vatanparvar” jamoasi;
3-o‘rin G‘allaorol tumanidagi 26-maktabning “Yosh askarlar” jamoasiga nasib etdi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra o‘tkazilgan nominatsiya g‘olibligi ham quyidagi yoshlarga nasib etdi:

  • “Eng kuchli sportchi” — Jonibek Qozoqov, Gallaorol tumani 26- maktab” Yosh askarlar” jamoasi a’zosiga;
  • “Eng yaxshi mergan” — Sabrina Sherqulova, Forish tumani 28 -maktab “Chayonlar” jamosi a’zosiga;
  • “Temur tuzuklari bilimdoni” — Javohir Sattorov, Gallaorol tumani 26-maktab “Yosh askarlar”jamoasi.

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida so‘z olganlar yoshlarning har bir shartdagi shijoati va matonatini alohida e’tirof etdi. So‘ngra musobaqaning g‘olib va sovrindorlariga kelgusi bosqichda omad yor bo‘lishini tilab, okrug qo’mondonligi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining diplom, medal, kubog va qimmatbaho sovg‘alari topshrildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati