Navoiy va Termizda “Vatan manzumasi” nomli adabiy-maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi

0
576

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining joriy yil 13-yanvar kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishida harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy va jangovar tayyorgarligini yanada oshirish, yoshlarda vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirish, qoʻshinlarda maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy ishlarni rivojlantirish boʻyicha davlatimiz rahbari tomonidan qator tavsiyalar berilgan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyati saroyida “Vatan manzumasi” nomli adabiy-maʼrifiy kecha boʻlib oʻtdi. Tadbirda Vatanni ulugʻlovchi kuy-qoʻshiqlar, otashnafas shoirlarning sheʼrlari yangradi. Shuningdek, Oʻzbek milliy drama teatri hamda viloyat musiqali drama teatri jamoalarining sahna koʻrinishlari namoyish etildi.

Oʻzbekiston xalq artisti Saidkomil Umarov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Shohida Ismoilova, Uchqun Tillayev, shuningdek, taniqli estrada xonandasi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gʻiyos Boytoyev, xushovoz xonanda Erkin Ismoilov, Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Botir Ergashev va Mudofaa vazirligining bir guruh harbiy ijodkorlarning chiqishlari yigʻilganlarni befarq qoldirmadi.

Yurtimizdagi tinchlik va totuvlikni, ahillik va hamjihatlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash nainki harbiy soha vakillari, balki barcha hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarning muqaddas burchi ekani rang-barang musiqiy chiqishlar vositasida yana bir karra namoyon boʻldi.

Tadbirda Ona Vatanni madh etuvchi ijod namunalari qatorida, yurtning sodiq oʻgʻlonlari, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan ustoz-murabbiylar, faxriylar, Vatan uchun jon fido qilgan posbonlar yodga olindi.

Shuningdek, Termiz shahrida joylashgan sanʼat saroyida ham “Vatan manzumasi” nomli adabiy-maʼrifiy kechasi o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur kechada mamlakatimizdagi tinch-osoyishta, xavf-xatardan xoli hayot, ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik hamda muruvvat muhiti oliy qadriyat ekani yorqin va betakror musiqiy dastur orqali namoyish etildi.

Mazkur adabiy-maʼrifiy kechada Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti harbiy xizmatchisi, katta leytenant Islomjon Qoʻchqorov hamda Qurolli Kuchlar xizmatchisi Begali Eshonqulov ham oʻz ijod namunalari bilan ishtirok etib, tomoshabinlar eʼtirofiga sazavor boʻldi.