Harbiy qism tashabbusi bilan aholi uchun bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi

0
586

Barchamizga maʻlumki, mamlakatimizda barcha sohalar singari aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Shu jumladan, aholi salomatligini mustahkamlash, xalqqa sifatli tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish borasidagi ishlarga “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham munosib hissa qoʻshyapti.

Toshkent viloyati Ohangaron shahridagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchilari tashabbusi bilan hududdagi “Qoʻrgʻon”, “Yangilik” va “Oxunboboyev” mahalla fuqarolar yigʻini vakillari ishtirokida xayriya tibbiy koʻrigi tashkil etildi. Tibbiy koʻrik Sogʻliqni saqlash vazirligi, harbiy qism tibbiyot xodimlari hamda “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro hayriya fondining Tibbiy-ijtimoiy markazi mutaxassislari ishtirokida amalga oshirildi.

Unda pediatr, terapevt, ginekolog, oftalmolog, lor, nevrolog, endokrinolog, dermatolog kabi shifokorlar koʻrigi, shuningdek, UTT va EKG tekshiruvlari hamda laboratoriya tahlillari oʻtkazildi. Zarur boʻlgan tibbiyot vositalari va dori-darmonlar aholiga tekin tarqatildi.

Tibbiy koʻrikda jami 200 dan oshiq oilalar ishtiroki taʻminlanib, ularga malakali tibbiyot mutaxassislari tomonidan maslahatlar berildi. Shuningdek, “temir daftarga” kiritilgan oilalar ham chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va tibbiyot muassasalarida bepul davolanish uchun orderlar bilan taʻminlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti