Urush faxriylariga hurmat-ehtirom koʻrsatildi

0
561

Vatan muqaddas, uning tinchligi esa ulugʻ neʼmatdir. Ayniqsa, ona yurt tinchligi uchun hatto oʻz jonidan kechishga tayyor boʻlgan fidoyilarni asrab-avaylash, ularga hurmat ehtirom koʻrsatish barchamizning insoniylik burchimizdir. Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi jamoasi Ikkinchi jahon urushida ishtirok etib, vatan tinchligini dushmandan himoya qilish yoʻlida jasorat koʻrsatgan Abbos ota Appanov holidan xabar olib, hurmat ehtirom koʻrsatdi. Mehmonlar tashrifidan quvongan otaxon urush yillarida boshidan kechirgan ayanchli kunlari hamda bugungi tinch va farovon kunlar xaqida toʻlqinlanib gapirdi.

– Tinchlik va urush, bir–biriga zid boʻlgan bu ikki tushuncha zamirida insoniyat taqdirini hal qiluvchi jarayonlar mujassam. Ikkinchi jahon urushi yillari insoniyat boshiga tushgan mudhish kunlar sababli qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz bevaqt halok boʻlishdi. Shunday ekan, bugungi tinch va farovon, baxtiyor kunlarimiz abadiy boʻlsin. Yer yuzida aslo urush boʻlmasin. Bugungi kunda mamlakatimizda biz nuroniylarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va hurmat ehtiromdan boshimiz koʻklarga yetmoqda. Yoshlarga tilagim — bugungi tinch va osoyishta kunlarni qadriga yetib, muqaddas diyorimizni har tomonlama rivojlanishiga oʻz hissalarini qoʻshib, farovon hayot kechirishsin, — deydi otaxon.

Uchrashuvda otaxonga “Gʻalaba bogʻi falsafasi” hamda “Oʻzbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” uchinchi kitob albomi sovgʻa qilindi. Mazkur kitob albomi sahifalaridan Abbos Appanov xayoti bilan bogʻliq jarayonlar ham oʻrin olgan. Bundan gʻururlangan otaxon Mudofaa vazirligi hamda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik izhor etib, bugungi kunda yurtimiz tinchligini taʼminlashda tinim bilmay xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilardan faxrlanishini takror va takror taʼkidladi. 

Aytish joizki, Abbos ota Appanov 1942-yil fevral oyida Smolensk shahrida jangga kirib, keyinchalik, Belarus, Polsha, Germaniyada boʻlgan shiddatli janglarda ishtirok etib, millatlar va xalqlar ozodligi yoʻlida koʻrsatgan jasorati uchun qator medallar bilan taqdirlangan. 

Nargiza Safarova, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi matbuot xizmati