Termiz garnizonida “Namunali harbiy oila” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi

0
708

Mudofaa vazirligi tizimida har yili anʻanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan “Namunali harbiy oila” koʻrik-tanlovi ibratli harbiy oilalarni yuzaga chiqarish, ular oʻrtasida milliy urf-odatlar, qadriyatlar va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, bir soʻz bilan aytganda, har tomonlama oʻrnak olishga arzigulik harbiy oilalar safini kengaytirishdan iborat.

Shu kabi ezgu maqsadlar yo‘lida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizonida joylasgan harbiy qism madaniyat markazi binosida “Namunali harbiy oila” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi.

Musobaqa qatnashchilari “Oilam mening baxtim”, “Men uddaburon oila bekasiman”, “Farzandim dilbandim”, va “Sanʻatim — saodatim” kabi 4 ta shart boʻyicha oʻz bilim va salohiyatlarini ishga solgan holda gʻoliblik uchun harakat qilishdi.

Milliy anʻana va qadriyatlarimiz ruhi aks etgan bellashuvda ishtirok etgan har bir oila oʻz chiqishlari orqali boshqalarga namuna boʻlgulik jihatlarini namoyish qilishdi. Tanlovni Surxondaryo viloyat hokimligi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash bolimi, Termiz davlat universiteti oʻqituvchilari, faxriylardan iborat hakamlar hayʻati baholab bordi.

Qiziqarli oʻtgan bellashuvlardan soʻng gʻoliblar aniqlandi. Unga koʻra, 1-oʻrinni kichik serjant Umidjon Karimov oilasi qoʻlga kiritdi. 2-oʻrin kichik serjant Davron Kushvaktov oilasiga nasib qilgan boʻlsa, 3-oʻrinni III darajali serjant Nosirbek Qurbonov oilasi egalladi. Gʻoliblar harbiy qism qoʻmondonligi tomonidan diplom, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Termiz davlat universiteti talabalari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar, raqslar kechaga oʻzgacha fayz bagʻishladi.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni