Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlarining ijodiy safari

0
535

Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlari tomonidan Zangiota tumanida joylashgan Mudofaa vazirligi Axborot-kommunkatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti, aloqachilar harbiy qismi, Mudofaa vazirligi Maxsus avariya-tiklash boshqarmasiga ijodiy tadqiqot safari amalga oshirildi.

Tadqiqot safarining asosiy maqsadi ofitser va serjantlar bilan dolzarb mavzularda davra suhbati o‘tkazish orqali ularning nazariy bilimlarini oshirish, institut va qo‘shinlarning uzviy hamkorligini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Harbiy xavfsizlik muammolarini tadqiq qilish markazi boshlig‘i polkovnik A.Toirov tomonidan  Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi ofitserlari bilan “Dunyoda harbiy-siyosiy vaziyat hamda harbiy sohadagi zamonaviy xavf va tahdidlar transformatsiyasi” mavzusida uchrashuv,  Milliy harbiy merosni o‘rganish markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi, dotsent A.Rahmatullaeva tomonidan aloqachilar harbiy qismi serjantlari bilan “Buyuk sarkardalarimizning hayoti, harbiy faoliyati va dunyo tarraqiyotiga qo‘shgan hissalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Buyuk ajdodlarimizning harbiy merosini, jang taktikasini rivojlangan davlatlar, ya’ni Fransiya, AQSh, Germaniya, Xitoy, Rossiya harbiy akademiyalari va kollejlarida o‘qitilishi va tadqiq qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar davra suhbati ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Shuningdek, Ilmiy-axborot bo‘limi katta ilmiy xodimi, texnika fanlari nomzodi, dotsent A.Negrienko tomonidan aloqachilar harbiy qismi serjantlari bilan “Ilmiy nashrlarda chop etiladigan maqolalarga nisbatan asosiy talablar va ilmiy ishlarni rasmiylashtirish tartibi”  mavzusida suhbat-tushuntirish ishlari o‘tkazildi. Ushbu mavzu doirasida ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalarning umumiy tuzilishi, ularni rasmiylashtirish, taqrizlash, chop ettirish tartibi yuzasidan amaliy va uslubiy tavsiyalar berildi.

Ijodiy  tadqiqot safari davomida Sotsiologik va psixologik tadqiqotlar markazi katta ilmiy xodimi, sotsialogiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) D. Rahmonov tomonidan Mudofaa vazirligi Axborot-kommunkatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti ofitserlari va serjantlari bilan “Harbiy xizmatchilarda kommunikativ tolerantlikni shakllantirishning ijtimoiy-psixologik jihatlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbati davomida ofitserlar tomonidan harbiy xizmatchilarni jangovar ruhini yuksaltirish va ahloqiy-ruhiy jihatdan ta’minlashda kommunikativ va ijtimoiy–psixologik jihatlarning roli bo‘yicha mutaxassis tomonidan amaliy tajribalar misolida batafsil ma’lumot berildi.

Institut ilmiy xodimlari tomonidan dolzarb mavzularda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar va ijodiy  uchrashuvlar harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi va dunyoqarashini yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommumikatsiyalar departamenti