Foto va videoroliklar tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

0
583

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliy armiyamiz – Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” mavzusida foto va videoroliklar tanlovini eʼlon qilgan edi.

Ijodiy ishlar mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining tarixi va buguniga oid jarayonlarni, harbiy xizmatchilar hayotini, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga oid lavhalarni oʻzida aks ettirgan boʻlishi tanlovning asosiy sharti hisoblanadi.

80 nafarga yaqin foto va video ijodkorlaridan 600 dan ortiq ijodiy ishlar kelib tushgan. DXX akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar, Ishki ishlar va Mudofaa vazirliklari, Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi, Respublika Maʼnaviy va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi xodimlaridan iborat hayʼat aʼzolari tomonidan baholandi.

Bugun, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar davlat muzeyida tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʻi, polkovnik Valijon Dadajonov, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktor oʻrinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev va “Vatanparvar” gazetasi bosh muharriri, podpolkovnik Ahror Ochilov ishtirok edi.

Tanlovning yakuniy natijalarga koʻra:

  • Fotolar yoʻnalishi boʻyicha 1-oʻrin – Surxondaryo viloyatidan Asliddin Alijonov, 2-oʻrin – “Vatanparvar” birlashgan tahririyati boʻlim boshligʻi Aziz Norqulov, 3-oʻrin esa “Qashqadaryo” va “Novosti Qashqadari” gazetalari fotomuxbiri Sobir Narziyev loyiq deb topildi.

Videoroliklar boʻyicha esa:

  • 1-oʻrin — Jasur Shermatov, Milliy gvardiya matbuot xizmati xodimi;
  • 2-oʻrin — Behzod Hamrayev, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xodimi;
  • 3-oʻrin — Sirojiddin Vohidov, “Xalq soʻzi” va “Narodnoe slovo” gazetalari fotomuxbiri.

Gʻoliblar maxsus diplom hamda qimmatbagʻo sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Roʻziqul OCHILOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti