Muddatli harbiy xizmatchilarga imtiyozli tavsiyanomalar topshirildi

0
614

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati Madaniyat saroyida okrug hududida muddatli harbiy xizmatni sadoqat bilan ado etgan yuzga yaqin askarlarga oliy taʻlim muassasalariga oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball beradigan harbiy qism qoʻmondonligining imtiyozli tavsiyanomalari tantanali ravishda topshirildi.

Bugun harbiy qismlarda harbiy xizmatchilar uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar muhayyo. Muddatli harbiy xizmatchilar uchun moʻljallangan yotoqxona, oshxona, oʻquv binolarini kuzatib insonda havas hislari uygʻonadi. Shuning barobarida xizmatni yakunlayotgan askarlarga ularning faolligi va bilim-koʻnikmalariga qarab oliy taʻlim muassasalariga oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball beradigan harbiy qism qoʻmondonligining imtiyozli tavsiyanomalarining topshirilishi esa ulkan imkoniyatdir. 

Okrug qoʻmondonligi vakillari tomonidan harbiy orkestr sadolari ostida tavsiyanomalarni qabul qilib olayotgan yurt oʻgʻlonlarining quvonchi cheksiz. 

Shuningdek, Termiz, Kakaydi va Xayraobod garnizonida joylashgan harbiy qismlarda tavsiyanomalarga ega boʻlgan hamda namunali harbiy xizmatni oʻtagan muddatli harbiy xizmatchilar taqdirlandi.

Tantanali tadbirda soʻzga chiqqanlar oʻz xizmat majburiyatlarini sidqidildan bajargan askarlarga oʻz minnatdorchiliklarini bildirib, Vatan, el-yurt uchun jonkuyar, fidoyi inson boʻlib qolishlarini tilashdi.

Yuqori qoʻmondonlikdan qoʻyilgan oʻquv-jangovar va maxsus topshiriqlarni bajarishda fidoyilik koʻrsatgan, harbiy xizmatni oʻtash davrida barchaga namuna boʻlib kelgan askarlarning ota-onalariga qoʻmondonlikning tashakkurnomasi hamda faxriy yorliqlar topshirildi.

Izoh qoldiring

Iltimos, izohingizni kiriting!
Iltimos ismingizni kiriting