Toshkent viloyatida xayriya tadbiri tashkil etildi

0
540

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan harbiy qism tashabbusi bilan targʻibot tadbiri o‘tkazildi. Hokimlik va boshqa tegishli davlat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondoni, Ohangaron shahri hokimi, sektor rahbarlari keng jamoatchilik vakillari hamda shahardagi 12 ta mahalla fuqarolar yigʻini vakillar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida soʻzga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlar “Inson qadri” tamoyili asosida amalga oshirilayotgani haqida alohida toʻxtalib oʻtib, bosh qomusimizga kiritilayotgan oʻzgarishlar aynan shu gʻoya asoslangani bilan ahamiyatli ekanini qayd etdilar.

Tadbir davomida ertamiz egalari boʻlgan yoshlar va bolajonlarni yuqori kayfiyat ulashish hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish maqsadida shaxmat, shashka, stol tennis, arqon tortish, armrestling va boshqa sport turlaridan musobaqalar tashkil etildi.

El suygan xonandalar va soʻz ustalari 30-aprel kunida boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy tadbir — umumxalq referendumiga qoʻyiladigan yangi tahrirdagi Konstitutsiya toʻgʻrisidagi qonun loyihasiga ovoz berishda barchaning faol ishtirok etishiga chorladi.

Shuningdek “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Tibbiy-ijtimoiy markazi mutaxassislari tomonidan mahalliy aholi vakillari bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi, ularga zarur boʻlgan dori vositalari ham tarqatildi.

Tadbir yakunida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlarini sunnat toʻyi tantanali ravishda oʻtkazilib berildi, mahalliy aholi vakillari uchun iftorlik dasturxoni yozildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti