Urush faxriysi holidan xabar olindi

0
571

G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi vakillari poytaxtimizning Yashnobod tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Fedor Fedin xonadonida bo‘lib, faxriy otaxon holidan xabar oldi.

Fedor Fedin 97 yoshni qarshilayotgan bo‘lishiga qaramay, hali yigitlardek tetik. Mehmonlarni mamnuniyat bilan ko‘chaga chiqib, kutib oldi. Haligacha hovlisidagi tok va daraxtlarni o‘zi parvarish qilishini aytganda ko‘pchilik otaxonning shashtiga tan berdi. Urush faxriysi birin-ketin sovg‘alarni qabul qilib olar ekan, ayni yigitlik chog‘ida bosib o‘tgan olovli yo‘llar haqidagi hikoyasi bilan o‘rtoqlashdi.

Fyodor Semyonovich 1927-yilda Rossiyaning Mordoviya o‘lkasida tug‘ilgan. 1944-yilda armiyaga chaqirilib, Minsk shahri yaqinidagi jangda qatnashgan. Urushda aloqachi va instruktor vazifasini bajargan Fedor Fedin 1944-yil 2-Belorus fronti tarkibida fashist bosqinchilariga, keyin esa Uzoq Sharq fronti tarkibida Kvantun armiyasiga qarshi qonli janglarda qatnashgan.Urush tugaganidan so‘ng, bir necha yil Xitoyda xizmat qilgan.

1949-yilda Toshkent shahriga kelib, aviatsiya zavodida ishlagan. Ko‘plab mehnat mukofotlarini qo‘lga kiritgan. Turmush o‘rtog‘i bilan birga ikki qizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan.

Har bir soniyada o‘lim sharpasi soya solib turadigan urush so‘qmog‘idan omon qaytgan Fedor Fedin mana shunday kunlarga yetib kelganiga shukronalar bildirdi.

– O‘tgan yili shaxsan davlatimiz rahbarining sovg‘alarini olganimdan cheksiz quvondim. Baraka topkur harbiy yigitlar har bir bayramda meni eslab turishadi. Yurtni seving, uni hamisha ardoqlang, unga sadoqat bilan xizmat qiling. Ana shundagina har bir kunimiz bayram, shodu-xurramlik bilan o‘tadi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti