Farg’onalik o‘quvchi yoshlar bilan amaliy otish mashqlari o‘tkazildi.

0
712

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoev tomonidan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalari ijrosi yuzasidan Mudofaa vazirligi va Xalq ta’limi vazirliklarining tegishli qo‘shma qarori ishlab chiqilgan.

Mazkur qo‘shma qarorda harbiy okruglar dala-o‘quv maydonlarida umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari bilan har yili mart-may oylarida amaliy otish mashg‘ulotlarini o‘tkazish tartibi belgilab berilgan. 

Bugun Farg‘ona dala o‘quv maydonida 11-sinf o‘quvchilarining amaliy otish mashg‘ulotlari boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Aybek Saidov, viloyat hokimligi vakillari,  1700 nafardan ortiq 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar o‘quvchi yoshlarga xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda mashqlarni muvaffaqiyatli bajarishlari uchun ezgu tilaklar bildirishdi.

Joriy yilning aprel oyi davomida “Farg‘ona”poligoni va “Sho‘rsu” dala-o‘quv maydonida viloyatning jami 955 ta umumta’lim maktablarining 18 484 nafar 11-sinf o‘quvchilarini jalb etgan holda amaliy otish mashqlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bunday amaliy mashg‘ulotlarning o‘tkazilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad esa, yoshlarimizda Ona-Vatanga mehr-muhabbat va sadoqat, vatanparvarlik  tuyg‘ularini tarbiyalash, kelgusida milliy armiyamiz saflarida xizmat qilishlari hamda “Vatan himoyachisi” uchun zarur bo‘lgan dastlabki amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati