Taʼminot – armiya tayanchi

0
1721

Avval xabar berganimizdek, Toshkent harbiy okrugi Chirchiq garnizoni harbiy qismlari va muassasalari bazasida Mudofaa vazirligi moddiy-texnik taʼminot mutaxassislari bilan oʻquv-uslubiy yigʻin oʻtkazildi.

Odatda harbiy xizmatchilarning jangovar va jismoniy shayligi, maʼnaviyati haqida koʻp gapiramiz. Ayni jihatlar yurt osoyishtaligida muhim, albatta. Ammo ayni shunday xususiyatlarga ega Vatan himoyachilarini moddiy-texnik tomondan taʼminlash va uning ahamiyati toʻgʻrisida kamroq soʻz yuritamiz.

Yigʻinning ikkinchi kuni erta tongda olingan jismoniy tayyorgarlik sinovlari ishtirokchilarning bu borada qanchalar toblanganini namoyon qildi.  

Oʻquv-uslubiy yigʻin davomida qatnashchilarning dala sharoitida moddiy taʼminotni tashkil qilish boʻyicha koʻnikmalarini yanada takomillashtirish borasida Chirchiq dala-oʻquv poligonida amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Oʻquv-uslubiy yigʻin avvalida 2022-yil davomida harbiy okrug, qoʻshilma, harbiy qism komandirlari va muassasalar boshliqlarining moddiy-texnik taʼminot boʻyicha oʻrinbosarlari tomonidan qoʻshinlarda amalga oshirilayotgan tadbirlar tanqidiy tahlil qilindi. Shundan soʻng yigʻin qatnashchilarining dala sharoitida moddiy taʼminotni tashkil qilish boʻyicha koʻnikmalarini yanada takomillashtirish yuzasidan amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi. Qoʻshinlarda moddiy-texnik taʼminotning samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida ofitserlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashishga alohida eʼtibor qaratildi.

Poligondagi koʻrgazmali mashgʻulotlar foydali tajriba almashishlarga boy boʻldi. Moddiy taʼminot vzvodining dala sharoitida dala xoʻjalik taʼminot punkti, oziq-ovqat ombori, ovqatlanish joylarining yoyilishini tashkil qilish, dala hammomi va yotoqxonasi yigʻilganlar eʼtiboriga havola qilindi.

Harbiy qism qozonxonalarini va isitish tizimlarini qish mavsumiga tayyorlash, bahorgi va kuzgi-qishki koʻriklarni oʻtkazish tartibi hamda tegishli hujjatlarni ishlab chiqish yana bir bor nazardan oʻtkazildi. Yongʻin xavfining oldini olish chora-tadbirlariga bagʻishlangan oʻquv-nuqta zamonaviy koʻrgazmali jihozlarga boyligi bilan koʻpchilikning yodida qoldi.

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida esa yigʻin ishtirokchilari zamonaviy tejamkor isitish qozonlari, ulardan foydalanish, ichimlik suvi, tabiiy gaz tizimlarini oʻrnatish boʻyicha koʻnikmalarini oshirdilar. Zamonaviy uskunalarni montaj qilish, ularning afzalliklari hamda texnika xavfsizligi boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Yigʻin ishtirokchilari Toshkent harbiy okrugida joylashgan harbiy qismlardan birida oʻrnatilgan 300 KVtli quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Mutaxassislar ushbu qurilmaning energiya tejamkorligi va muqobil manbalarni oshirishi, yoqilgʻi energiyasini tejashi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar yetkazib, yuzaga kelgan savollarga batafsil javoblar berib oʻtdi.

Yigʻin doirasida Mudofaa vazirligi qoʻshinlariga yangi rusumdagi moddiy-texnik taʼminot maxsus avtomobil texnikalari tantanali ravishda topshirildi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti