Farg‘onada “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi gʻoliblari aniqlandi

0
496

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari Fargʻona garnizonidagi harbiy qismda viloyatdagi umumtaʼlim maktablarining 10 va11-sinflarida tahsil olayotgan “Vatan tayanchi” otryadlari oʻquvchilari oʻrtasida “Men gʻolib” shiori ostida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Unda, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari masʼul ofitserlar, viloyat hokimligi, Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etib, tanlov qatnashchilariga omad tiladi.

Musobaqa ishtirokchilari harbiy estafeta, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, merganlik mahorati, saf qoʻshiqlari hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” yoʻnalishlarida murosasiz bellashdi. 

Mazkur oʻtkazilgan musobaqani adolatli va shaffoflik bilan oʻtkazilishi uchun hayʼat aʼzolari baholab bordi.

Musobaqaning yopilish marosimida, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Aybek Saidov ishtirok etib, gʻolib jamoalarni respublika bosqichida ham muvaffaqiyatga erishishlarini tilab, viloyat bosqichiga gʻolib boʻlgan jamoani taqdirladi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, 3-oʻrinni Oʻzbekiston tumanidan “Sohibqiron” jamoasi, 2-oʻrinni Uchkoʻprik tumanidan “Lochin ” jamoasi qoʻlga kiritgan boʻlsa, faxrli 1-oʻringa Beshariq tumanidan “Buyuk turon” jamoasi sazovor bo‘ldi. 

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vaziri kubogi uchun Mirzo Ulugʻbek tumani miqyosida “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasi boʻlib oʻtdi. Unda tumanda joylashgan umumtaʼlim maktablarining “Vatan tayanchi” harakatiga aʼzo boʻlgan 10-11-sinf oʻquvchilari ishtirok etdi.

Oltita shart boʻyicha bellashgan oʻquvchi yoshlar, tengqurlari orasidan tuman birinchiligini egallash uchun murosasiz kurash olib borishdi. “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasining shaffof va xolis oʻtishi uchun, Qurolli Kuchlar akademiyasining ustoz va murabbiylari jalb etildi. Murosasiz va qiziqarli baxslarga boy boʻlgan musobaqada kuchlilar gʻalaba qozondi hamda shahar bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti