Ishchi guruh Piskentning olis hududi aholisiga koʻmak bermoqda

0
707

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan tuzilgan ishchi guruh hamda Markaziy harbiy klinik gospitali mobil tibbiy otryadi tomonidan Toshkent viloyatining olis va chekka hududlarida istiqomat qilayotgan aholiga koʻmak koʻrsatilayotgani haqida xabar bergan edik. Ishchi guruhning keyingi manzili viloyatning Piskent tumanida joylashgan “Suvti” mahallasida boʻldi.

Mahalla raisi, hokim yordamchisi, Yoshlar va xotin-qizlar faollari, obodonlashtirish boshqarmasi vakillaridan tuzilgan hamkorlikdagi ishchi guruh aholi bilan muloqotda boʻlib, ularga har tomonlama koʻmak berish yuzasidan amaliy ishlar olib borishdi.

Dastlabki manzil ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Aziza opa Xolboyevaning xonadoni boʻldi. Bu hovlida Aziza opa ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan istiqomat qiladi. Turmush oʻrtogʻi bevaqt vafot etgan. Hozirgi kunda xonadon sohibasi “ayollar daftari”ga kiritilgan boʻlib, ishchi guruh Aziza opaning qurilishi yakunlanmagan uyini qayta kapital ta’mirdan chiqarish hamda yon-atrofni obodonlashtirish ishlarini boshlab yuborishdi.

Xuddi shunday obodonlashtirish ishlari yana ikkita xonadonda ham olib borilmoqda. Ishlar qizgʻin davom etayotgan shu pallada Mudofaa vazirligiga qarashli Markaziy harbiy tibbiy klinik gospitalining mobil tibbiyot punkti shifokorlari tomonidan “ayollar daftari” va “temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar Piskent tumanida umumiy 47 nafar sogʻligʻidan shikoyati bor va ogʻir ahvoldagi bemorlar qayd etilgan boʻlib, ularnjng 3 nafari “Suvti” mahallasiga toʻgʻri keladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti