Harbiy tibbiyot akademiyasi tomonidan targʻibot tadbiri oʻtkazildi

0
614

Toshkent tibbiyot akademiyasida oliygohning toʻrtinchi va beshinchi kurs talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasi tomonidan yosh avlodni Vatan taqdiriga dahldorlik, maʼnaviy-axloqiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, yoshlar orasida harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish hamda akademiya faoliyatini keng targʻib qilish maqsadida targʻibot tadbiri oʻtkazildi.

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar talabalarga harbiy tibbiyot akademiyasiga oʻqishga kirish tartibi va yoʻl-yoʻriqlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib oʻtishdi. U yerda kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar, oʻqish mobaynida amaldagi imtiyozlar haqida qimmatli maʼlumotlar haqida ham aytib oʻtishdi. Tadbirda qatnashgan ishtirokchilarning aksariyati suhbat mobaynida kelajakda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasida tahsil olishga qiziqish bildirdi.

Bu kabi yigʻinlar, ochiq suhbatlar talabalarning kelajakda kasb tanlashiga boʻlgan ishtiyoqini oshiribgina qolmay, oʻziga boʻlgan ishonchni-da yuksaltiradi. Zero, ertamiz egalari boʻlgan kuchli va bilimli yoshlar milliy armiyamizning butlovchilaridir.

Qurolli Kuchlar harbiy tibbiyot akademiyasi tomonidan targʻibot tadbirlari davom etmoqda.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti