Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari bilan oʻquv-uslubiy yigʻini oʻtkazildi

0
1209

Navoiy garnizonidagi harbiy qismlarning birida Markaziy harbiy okrug qoʻshinlaridagi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari ofitserlarining uch kunlik oʻquv-uslubiy yigʻini oʻtkazildi.

Yig‘inda dastlab, 2022-yilda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlarida amalga oshirilgan tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar, yoshlar bilan ishlash masalalari, huquqbuzarliklar profilaktikasi kabi chora-tadbirlar boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi. Erishilgan yutuqlar, mavjud muammolarning yechimlari xususida soʻz bordi.

Shuningdek, “Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga muvofiq, okrug harbiy xizmatchilarining axloqiy-ruhiy tayyorgarligi, jangovar ruhini oshirish, kuchli jismoniy va psixologik bosimlarga bardoshliligini hamda yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlash boʻyicha yangi tizim yaratilganligani aytilib, ushbu tizimni yanada ommalashtirish vazifalari yuklatildi.

Oʻquv uslubiy yigʻinining ikkinchi kuni soha vakillarining nazariy bilimlari sinovdan oʻtkazildi va garnizonlardagi harbiy qism tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari tomonidan “Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati olib borildi.

Soha vakillarining yana bir asosiy vazifasi sifatida harbiy xizmatchilarning oilalari bilan ishlash va ijtimoiy himoyasi yoʻnalishida amalga oshiriladigan ishlar, sohani rivojlantirish boʻyicha takliflar oʻrganildi.

Yig‘in so‘nggida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʻzolari bilan psixologik mashgʻulotlar, madaniy hordiq chiqarishlari uchun konsert dasturlari hamda koʻngilochar va tarixiy obidalarga sayohatni tashkil etish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar tashkil etildi.

Umuman olganda tashkil etilgan oʻquv-uslubiy yigʻinda harbiy qism komandirlari, mudofaa ishlari boshqarmalarining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, harbiy psixologlar, garnizonlar maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshliqlari, xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassislari hamda faxriylar kengashi raislarining amaliy koʻnikma va kasbiy malakasini yan bir bor oshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati