Harbiy xizmatchilar hashar va koʻchat ekishda faol qatnashmoqda

0
680

Shu kunlarda yangilanish fasli – bahor nafasi yurtimiz boʻylab oʻz tarovatini koʻz-koʻz qilmoqda. Goʻyoki borliq yashillik, mevali daraxtlarning fusunkor gullari bilan bezatilgandek. Yon atrofimizning yashil va goʻzal tus olishida inson omilining oʻrni ham juda muhim.

Odatda bahorda koʻchat ekib, yerga urugʻ qadab moʻl-koʻl hosilga zamin yaratiladi. Bundan tashqari, koʻklam faslida umumxalq hashari yordamida yashab turgan goʻshamizni obodonlashtirish xalqimizning ezgu ishlaridan biri. Bu ishda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ham boshqalarga oʻrnak boʻlayotganligi sir emas. Toshkent harbiy okrugi va markazga boʻysunuvchi harbiy muassasalar shu kunlarda ana shunday ezgu ishlarni amalga oshirib, faollik koʻrsatib kelyapti. Harbiy xizmatchilar, faxriylar va yoshlar ishtirokidagi hashar, koʻchat ekish, milliy qadriyatlarimizni ifodalovchi turli tadbirlarni oʻz ichiga olgan tadbir ham bunga misol boʻladi.

Oʻtkazilgan tadbir natijasida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani togʻ etaklarida joylashgan oʻrmon xoʻjaligi hududi obodonlashtirildi, hududga yosh nihollar ekildi. Navroʻz sayli dasturi asosida amalga oshirilgan ezgu ishda faol qatnashgan harbiy xizmatchilar varrak uchirish, gul bazmi, lapar aytish, baxshichillik kabi milliy urf-odatlarimiz namunalarini koʻrsatib berishdi.

Toshkent harbiy okrugi tomonidan Boʻstonliqda boshlangan bu tadbir ikki kun davom etdi. Bugun “Tong” bolalar oromgohida o‘tkazilgan Navroʻz tadbirida okrug shaxsiy tarkibi sumalak sayli va bolajonlarga atalgan rang-barang koʻngilochar dasturlarni taqdim qildi. Bu kabi bayram sayllari Toshkent harbiy okrugining barcha harbiy qism va harbiy muassasalarida bir necha kun davom etadi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti