Harbiy oilalar uy bekalarining Navroʻz bellashuvi

0
1911

Yurtimizga fasllar kelinchagi bahor kirib keldi. Qir-adirlar koʻm-koʻk maysaga burkanib, bodom, oʻrik, shaftoli, olcha daraxtlari bodroqdek ochilgan oppoq libosga oʻraldi. Kurtak yozgan novdalar yashillik tarovati bilan yana borliqqa ajib goʻzallik baxshida etgan Navroʻz eshik qoqmoqda.

Bahorning ilk kunlaridan rizq-roʻz, baraka, yangilanish bayrami boʻlgan bu yilgi Navroʻzni xalqimiz yurtimizning har bir goʻshasida oʻzgacha shukuh bilan nishonlashni boshlab yuborgan. Odatdagidek doshqozonlarda tayyorlangan shohtaom – sumalak, tandir-u qozonlardan dasturxonlarga tortilgan koʻksomsa, koʻkchuchvara, xonim kabi bahoriy taomlar haqiqatan rizq-roʻz va moʻl-koʻl hosildan dalolatdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining yotoqxonasida tashkillashtirilgan bayram tantanalari ham bahorning toʻkinlik, baraka fasli ekanligini amalda isbotlab berdi. Akademiyaning ikki yillik kursida tahsil olayotgan ofitserlarlarning oila aʼzolari hamda farzandlari Navroʻzni qirgʻizistonlik va tojikistonlik qardoshlar bilan birgalikda nishonladilar. Oʻzbekiston Respublikasi va qoʻshni qardosh davlatlar mudofaa vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik shartnomasiga koʻra Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻqish imkoniyatiga ega boʻlgan qirgʻiz va tojik ofitserlarining oila aʼzolari hamda farzandlari bayramni yurtimizda kutib olish baxtiga muyassar boʻlishdi.

Yotoqxona oldida joylashgan mini futbol oʻyingohi respublikamizning turli viloyatlari, shuningdek, Qirgʻiziston va Tojikiston milliy anʼanalariga mos ravishda bezatilib, bayram dasturxoniga turli bahoriy taomlar tortildi. Bolajonlar va uy bekalari uchun arqon tortish, shaxmat, shashka musobaqalari tashkillashtirildi.

Oila bekalari, yosh kelinchaklar tomonidan tayyorlagan taomlar Mudofaa vazirligi xotin-qizlar va harbiy xizmatchilar oila aʼzolari bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassisi Zulfiya Mansurova boshchiligidagi hakamlar hayʼati baholab borildi. Taomlarni baholash jarayonida har bir viloyat, har bir davlat vakillari Navroʻzni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar, laparlar hamda milliy raqs chiqishlari ham namoyish etishdi. Qurolli Kuchlari akademiyasining yotoqxonasida tashkillashtirilgan bayram tantanalari tonggacha davom etib sumalak sayliga ulanib ketdi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti