Ofitserlar malakasi oshirildi

0
1245

Xalqaro islom akademiyasida malaka oshirgan ofitserlarga sertifikatlar topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish, turli murakkab va ogʻir vaziyatlarga nisbatan ruhiy bardoshliligini, yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlash orqali milliy armiyamizning jangovar shayligi va qudratini kuchaytirish maqsadida Xalqaro islom akademiyasida qoʻmondonlik tarkibi ofitserlari uchun tashkil etilgan “Yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlashning maʼnaviy-maʼrifiy asoslari” maxsus dasturi boʻyicha malaka oshirish kursi yakunlandi.

72 soatdan iborat oʻn kun davom etgan malaka oshirish kursida akademiyaning yuqori malakala professor oʻqituvchilari tomonidan ofitserlarga qoʻshinlarda harbiy xizmatchilarning yuqori axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini taʼminlash, ularda turli buzgʻunchi gʻoya va taʼsirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, harbiy jamoalarda yuksak harbiy intizom, oʻzaro yordam va hamjihatlik, jangovar oʻrtoqlik muhitini qaror toptirishda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora tadbirlar, ularning yoʻllari va vositalari haqidagi yangi bilim va tushunchalar berildi.

—Bugun xorijiy davlatlarda sodir boʻlayotgan qurolli toʻqnashuvlarda ayrim harbiy xizmatchilarda milliy gʻurur, jangovar ruh va mafkuraviy immunitet toʻlaqonli shakllanmagani namoyon boʻlmoqda. Shunday sharoitda harbiy xizmatchilar ongiga milliy mustaqilligimizni asrash, har qanday tajovuzga qarshi mardonavor kurashish, yurt himoyachisi nomini sharaf bilan oqlashni chuqur singdirish — Qurolli Kuchlarda yuqori jangovar shaylik, barqaror axloqiy-ruhiy holat hamda shaxsiy tarkibning gʻalabaga boʻlgan mustahkam ishonchini taʼminlashning eng muhim shartidir, — deydi kurs bitiruvchilaridan biri podpolkovnik Saidjon Ummatov.

Mazkur oʻquvlar barcha boʻgʻindagi komandir va boshliqlarning asosiy faoliyatini harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirishga safarbar etishdan iboratligi bilan ahamiyatli boʻldi.

Malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlagan harbiy xizmatchilarga tantanali tarzda sertifikatlar hamda kitoblar jamlanmasi taqdim qilindi.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti