Harbiy sportchilar delegatsiyasi tantanali kutib olindi

0
774

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Fransiyaning Parij shahrida dzyudo bo‘yicha harbiylar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida ishtirok etgan sportchilarimiz tantanadi kutib olindi.

Unda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi xodimlari, O‘zbekiston dzyudo hamda taekvondo federatsiyalari mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, sportchilarning ota-onalari, sportsevar yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.

Ushbu marosimda so‘zga chiqqan Mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Komilov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari — O‘zbekiston taekvondo federatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov mamlakatimiz harbiy dzyudochilari harbiylar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallaganini alohida ta’kidlab, kelgusi nufuzli musobaqalarda ham ularga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu jahon chempionatida yurtimiz sharafini yuimoya qilgan Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazining 13 nafar dzyudochisidan to‘rt nafari oltin, bir nafari bronzo medal bilan taqdirlandi. Parij shahri sport majmuasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Davlat Bobonov musobaqalarning asosiy qahramoni bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi.

– Finalga qadar Avstriya, Rossiya va slovakiyalik dzyudochilar bilan bellashdim, – deydi -90 kg vazn toifasidagi polvonimiz Davlat Bobonov. – Hal qiluvchi final bellashuvida braziliyalik Godoy de Machedoni mag‘lubiyatga uchratdim. Barcha raqiblarni yengib, jahon chempioniga aylanishimda xalqimiz, Vatanimizning ishonchi, ota-onam, ustozlarimning hissasi katta.

Ulug‘bek Azizov va Tohir Fayziyev murabbiyligidagi dzyudochilarimiz harbiylar o‘rtasidagi dunyo birinchiligining yakkalik bahslarida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagani tarixiy natijadir. Harbiy sportchilarimizni biz ham ushbu yirik g‘alaba bilan samimiy qutlaymiz!

Leytenant Dilshod RO‘ZIQULOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti