Respublika Harbiy sudi raisi ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi

0
1042

Mudofaa vazirligiga qarashli Andijon viloyati Xonabod shahrida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini ta’minlash, murojaatlarini o’z vaqtida ko’rib chiqish va ijobiy hal etish maqsadida ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi.

Unga O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi raisi Sadriddin Eshonqulov, Respublika harbiy sudi sudyasi Akmal Bobonazarov, Farg‘ona harbiy sud raisi Sherzod Hoshimov, Andijon harbiy prokurori adliya polkovnigi Abdumalik Abdusamadov, shuningdek, qator davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida tashrif buyurgan mehmonlar harbiy qismda yurt himoyachilari va ularning oila a’zolari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. O’quvchi yoshlar tomonidan kuy-qo’shiqlar, ko’rgazmali qo’l jangi chiqishlari mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi.

Ommaviy hamda yakka tartibda tashkil etilgan sayyor qabulda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ipoteka krediti asosidagi uy olish, farzandlarini maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirish kabi qator yo’nalishlar bo’yicha murojaat qildilar.

Sayyor qabul yakunida harbiy xizmatchilarning ayrim murojaatlari shu joyning o’zida yechimini topgan bo’lsa, ayrimlarini esa ko’rib chiqish va ijobiy yechimini topish bo’yicha soha mutaxassislariga ko’rsatmalar berildi.  

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti