Markaziy harbiy klinik gospitalda bayram shukuhi

0
4124

Bahor – goʻzallik, nafosat fasli. Uch ming yildan ziyod tarixga ega boʻlgan Navroʻzi olam – sharqona yangi yil oʻzining yangilanish, bahor nafasini boshlab kelishi, xalqimizning tabiati, ong-u tafakkuri, qalbiga chuqur singib ketgani, har qaysi oila, har qaysi xonadonga shod-u xurramlik olib kirishi bilan biz uchun eng qadrli, aziz va suyukli milliy bayramdir. Respublikamiz boʻylab Navroʻz shukuhi kezib yurgan ayni kunlarda barcha manzillar shodiyonalarga toʻlib toshgan.

Markaziy harbiy klinik gospitalida ham Navroʻzi olam munosabati bilan “Eng chiroyli bezatilgan bayram dasturxoni” musobaqasi oʻtkazildi. Unda klinikada faoliyat yuritayotgan harbiy xizmatchilar hamda Qurolli Kuchlar ishchi xizmatchi ayollari pazandalik mahoratini ishga solgan holda bayram dasturxonini bezatishdi.

Oʻzbegim bayrami bayramona dasturxonsiz oʻtmaydi deyishadi. Milliy taomlarimizdan sumalak, halim, koʻksomsa, koʻkchuchvara, palovxontoʻra kabi noz neʼmatlar bilan bezatilgan dasturxon koʻzni quvnat qolmadi. Milliy maʼnaviyatimiz rivojidagi muhim shodiyonalardan biri boʻlgan bu kunda yurtimizning har bir goʻshasida bahoriy taomlar-u, turli milliy oʻyinlar tashkil etiladi. Xususan, klinikada nishonlangan bayram shodiyonasida ham taomlar borasida oʻtkazilgan musobaqa bayram dasturxonining bezagiga aylandi. Tadbir yakunida musobaqada gʻolib deb topilgan jamoa aʼzolari qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Sherzod Egamberdiyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti