Atoqli shoirni yod etib

0
803

Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan poytaxtimizdagi “Adiblar xiyoboni”da o‘zbek adabiyot va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, O‘zbekiston Qahramoni va O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning betakror ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish hamda shoir tavalludining 82 yilligini munosib nishonlashga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Toshkent harbiy prokuraturasi xodimlari, vazirlik tasarrufidagi harbiy qism va muassasalar harbiy xizmatchilari, oliy harbiy ta’lim bilim yurtlari kursantlari, Yoshlar ittifoqi, “Vatan tayanchi” harbiy vatanparvarlik harakati a’zolari hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlarda Abdulla Oripovning hayoti va ijodi to‘g‘risida, uning o‘zbek adabiyoti, she’riyatida tutgan o‘rni, unga qo‘shga hissasi haqida ma’lumot berdi.

Abdulla Oripov 1941-yil 21 -artda Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘ida dunyoga kelgan. 1958-yilda o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlagan Oripov Toshkent Milliy universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirib, uni ham 1963-yilda imtiyozli diplom bilan yakunlagan. «Yosh gvardiya», G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida muharrir, «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, mas’ul kotib, Toshkent viloyat bo‘limida mas’ul kotib, «Gulxan» jurnalida muharrir, 1996-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, ayni vaqtda, O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Abdulla Oripovning dastlabki she’rlaridagi romantik kayfiyat asta-sekin o‘z o‘rnini falsafiy mushohadalarga bo‘shatib, shoirning hayotda ro‘y berayotgan voqea va hodisalarga munosabati faol tus olgan. Shu ma’noda «Tilla baliqcha», «Qo‘riqxona», «Genetika», «Olomonga» kabi she’rlar Oripovning lirik she’riyat ufqlarini hayot muammolari tasviri hisobiga kengaytirib borayotganidan darak bergan. Xuddi shu narsa Oripovning doston janriga murojaat etishi va liro-epik tasvir imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga sababchi bo‘lgan. Abdulla Oripov «Jannatga yo‘l» (1978), «Hakim va ajal» (1980), «Ranjkom» (1988) kabi dostonlarida ma’naviyat masalalariga alohida e’tibor berib, kishilarning ruhiy olamidagi ayrim qusurlar bilan ilmiy-texnik taraqqiyot va tafakkurning parvozi o‘rtasidagi ziddiyatni ochib tashlagandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti