Harbiy qismda profilaktika kuni oʻtkazildi

0
1168

Havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qoʻmondonligiga qarashli Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismlardan birida huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni boʻlib oʻtdi. Haftaning har payshanba kuni oʻtkaziladigan bunday tadbirlarning bugungisi “Harbiy xizmatchilarni jamiyatda yurish turish qoidalari, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli axborotlarga qarshi imunitetini shakllantirish hamda stressli vaziyatlardan chiqish” mavzusida boʻlib oʻtdi.

– Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalayotgan hayosizlik, vahshiylikni targʻib qiluvchi materiallar, qimor oʻyinlari, Telegram botlarida tarqatilayotgan “Menga ovoz bering”, “Yordam qilaylik” va shunga oʻxshagan soxta axborotlar orqali ayrim insonlar firibgarlar tuzogʻiga tushib qolmoqda. Aldovlarga ishonib qolish orqasidan esa turli koʻngilsiz hodisalar yuzaga kelmoqda. Oqibatda stressli vaziyatlardan chiqa olmay, oʻz joniga qasd va suiqasd qilish, yoki, alkogol mahsulotlariga mukkasidan ketish hollari ham uchrab turganligini inkor etolmaymiz, – deydi podpolkovnik Lutfullo Jalolov. – Haddan tashqari koʻp isteʼmol qilingan bunday zararli ichimliklar esa, albatta, yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi hech kimga sir emas. Eng achinarlisi esa, bunday holatlarda insonning avtotransport vositasini boshqaruviga oʻtirishi ham ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Oʻzganing qismati har birimizga ibrat boʻlishi, bunday xato amallarni takrorlashning oxiri voy ekanligini barchamiz birdek tushinishimiz va xulosa qilishimiz kerak. Bugun harbiy xizmatchilar uchun oʻtkazilgan maʼnaviy va maʼrifiy tadbirning asl maqsadi ham ular orasida bu kabi holatlarni oldini olish va toʻgʻri yoʻldan ogʻishmasligi uchun mutaxassislarning amaliy maslahatlarini berishdan iborat boʻldi.

Tadbirda Chirchiq harbiy avtomobil nazorati xodimlari hamda Chirchiq davlat pedagogika unversiteti pisxologiya kafedrasi pisixologlari ishtirok etdi. Unda mutaxassislar tomonidan harbiy xizmatchilar uchun amaliy treninglar oʻtkazildi. Bundan tashkari, ehtiyotsizlik va eʼtiborsizlik natijasida yuzaga kelgan ayanchli yoʻl transport hodisalari video roliklar orqali namoyish etildi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti