Xorazmda yurt himoyasiga shay o‘g‘lonlar muddatli harbiy xizmatga kuzatildi

0
964

Xorazm viloyatining chaqiruv yoshiga yetib, belgilangan saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan, sogʻligi jihatidan harbiy xizmatga yaroqli, yurtimiz himoyasiga kamarbasta boʻlgan yoshlar bugun tantanali ravishda muddatli harbiy xizmatga kuzatildi.

Tantanali tadbirning ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Joʻrabek Rahimov barchani qutlab, hozirgi kunda mustaqillik yillarida tugʻilib voyaga yetgan, mamlakatimizdagi rivojlangan taʼlim muassasalarida eng puxta bilim olgan armiya saflariga kirib kelayotganini eʼtirof etdi.

Armiya ostonasida turgan chaqiriluvchilar va ularning yaqinlarini Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ham mana shunday unutilmas kun bilan tabriklab, Jaloliddin Manguberdi bobomizning munosib izdoshlari boʻlgan, Vatanni himoya qilshdek muqaddas va shu bilan birga sharafli burchni bajarishga shay turgan Xorazm elining oʻgʻlonlariga bukilmas iroda, kuchli matonat va kuch-gʻayrat tiladi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining harbiylashtirilgan boʻlinmalarida muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun yoʻl olgan mard oʻgʻlonlarni kuzatuv marosimida keng jamoatchilik vakillari bilan birga oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillari, “Vatan tayanchi” otryadlari aʼzolari ishtirok etdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar hamda viloyat musiqali drama teatri jamoasi tomonidan “Sulton Jaloliddin” spektaklidan mohirlik bilan namoyish etilgan sahna koʻrinishi, Urganch garnizonidagi jangovar batalyoni tomonidan koʻrsatilgan qoʻl jangi elementlari bilan chiqishlari yigʻilganlarga bayramona kayfiyat tuhfa etdi. Nukus garnizoni faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan qurol bilan saf elementlari barchaning olqishiga sazovor boʻldi.

Tadbirdan soʻng yoshlar Urganch temir yoʻl vokzali orqali muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun belgilangan joylarga joʻnab ketishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati