Nukus harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan yoshlar o‘rtasida ko‘rik tanlov o‘tkazildi

0
596

Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan Nukus garnizoni maʼnaviyat va maʼrifat markazida Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar tizimidagi harbiy qism hamda muassasalarda xizmat oʻtayotgan harbiy xizmatchilar, xodimlar, nafaqadagi harbiylarning farzandlari oʻrtasida “Yosh matematik”, “Ingliz tili bilimdoni” va “Yosh rassom” yoʻnalishlari boʻyicha koʻrik tanlov oʻtkazildi.

Koʻrik tanlovda harbiy shaharchada joylashgan 44-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi, Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatining 6-sinfdan 11-sinfgacha boʻlgan oʻquvchi yoshlari ishtirok etib, oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazishdi.

Tanlov ikki bosqichda oʻtkazilib, dastlabki bosqichda jami 400 ga oʻquvchi yoshlar ishtirok etgan bo‘lsa, ulardan “Yosh matematik” va “Ingliz tili bilimdoni” yoʻnalishlari boʻyicha final bosqichiga 45 nafardan, “Yosh rassom” yoʻnalishi bo‘yicha esa 14 nafar oʻquvchi yetib keldi.

Mazkur koʻrik tanlovning “Yosh matematik” va “Ingliz tili bilimdoni” yoʻnalishlari boʻyicha gʻoliblar test sinovlari boʻyicha, “Yosh rassom” yoʻnalishidagi gʻoliblari esa “Har kuning Navro‘z boʻlsin Yangi Oʻzbekistonim!” mavzusidagi suratlarni qogʻozga erkin chizish orqali aniqlandi.

Koʻrik tanlovi koʻtarinki ruhda oʻtkazilib, tanlov yakunida sinov natijalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining mustaqil ekspertlari tomonidan xolisona baholanib, tanlov gʻoliblariga Nukus harbiy prokurori tomonidan qimmatbaho sovgʻalar, diplom va badiiy kitoblar topshirildi.