“Vatan madhi” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

0
644

Bugun, 4-noyabr kuni “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining ijod namunalarini o‘zida jamlagan “Vatan madhi” nomli she’riy to‘plam taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik Davron Abdurahimov ochib berdi. Shuningdek, she’rlari to‘plamdan joy olgan ijodkorlarga “Vatan madhi” kitobini tantanali ravishda topshirdi.

Tadbir davomida kitobni tayyorlashda yaqindan hamkorlik qilgan O‘zbekiston yozuvchilar uyishmasi a’zosi Zikrillo Ne’matov to‘plamning yaratilish tarixi haqida so‘zlab, she’r mualliflariga kelgusidagi ijodlarida ulkan zafarlar tiladi.

Respublika Ma’naviyat va marifat markazi “Marifat targ‘ibotchilari” jamiyatining aktyor va aktrisalari yig‘ilganlarga kayfiyat ulashish maqsadida kino va teatrda o‘ynagan rollaridan parchalar ijro etdi.

Shundan so‘ng o‘z she’rlari bilan kitobdan joy olgan ijodkorlar so‘zga chiqib, ularni qo‘llab quvvatlagan Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyishmasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar esa davraga yanada ko‘tarinki kayfiyat olib kirdi.  

Shuningdek, tadbir doirasoda mehmonlar “Shon-sharaf” muzeyidan joy olgan eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.

Barchinoy SINDAROVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti