Oʻzbekiston harbiylari Pokistonda oʻtkazilgan “Jamoaviy ruh” xalqaro armiya oʻyinlarida bosh sovrinni qoʻlga kiritdi

0
1992

Bugun Pokistonning Xarian shahrida “Jamoaviy ruh” 6-Xalqaro armiya oʻyinlarining final bosqichi oʻtkazildi. Musoboqada 11 ta xorijiy davlatdan harbiy va maxsus xizmatlar jamoalari ishtirok etdi.

Bahslar yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston terma jamoasi qatorasiga uchiinchi marta 1-oʻrinni egalladi. Keyingi oʻrinlarni Saudiya Arabistoni, Qozogʻiston va Tailand jamoalari band etishdi.

Oʻzbekiston harbiylari 2021 va 2022-yillarda ham mazkur bahslarda bosh sovrinni qoʻlga kiritgan.

Boʻlib oʻtgan musobaqalar jangovar jarayonlarga yaqin boʻlgan mashaqqatli vazifalar, mahorat va maxsus koʻnikmalarni talab qiluvchi topshiriqlardan tashkil topganiga qaramasdan, oʻzbekistonlik harbiylar barcha shartlarda oʻzlarining yuksak tayyorgarlik darajalarini namoyish etishdi.

Pokiston Qurolli kuchlari Quruqlikdagi qoʻshinlari qoʻmondoni general Asim Munir Oʻzbekiston jamoasi rahbari – Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi boshqarma boshligʻiga musobaqa bosh sovrini va mukofotlarni topshirdi.

“Oʻzbekiston terma jamoasi yana bir bor yuqori professionalizm va yuksak harbiy tayyorgarlikka ega ekanligini namoyish etdi. Armiya musobaqalarida Oʻzbekistonning doimiy ishtirok etib kelayotganidan biz juda xursandmiz”, – dedi general Asim Munir.