“Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasining saralash bosqichi oʻtkazilmoqda

0
804

Markaziy harbiy okrugning Jizzax hamda Samarqand garnizonlarida umumtaʻlim maktablarining 10-11 sinf oʻquvchilari oʻrtasida mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasining shahar va tuman bosqichlariga start berildi.

Xususan, Jizzax viloyatining, Sharof Rashidov, Paxtakor, Gʻallaorol hamda Mirzachoʻl tumanlarida, Samarqand viloyatining Paxtachi, Xatirchi tumanlari hamda Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shaharlarida mudofaa ishlar boʻlimi tomonidan dastlabki bosqichlari oʻtkazildi.

Musobaqada ishtirokchilar “Saf qoʻshiqlarini aytish”, “Mohir mergan”, “Harbiy estafeta”, “Birinchi tibbiy yordam” va “Temur tuzuklari bilimdoni” kabi shartlar boʻyicha oʻzaro bellashishdi.

Musobaqa soʻngida hakamlar tomonidan jamoalarning belgilangan shartlar boʻyicha toʻplagan ballari hisoblandi va birinchilikni qoʻlga kiritgan jamoalar viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

Musobaqa va nominatsiya gʻoliblari sektor rahbarlari, mudofaa ishlar boʻlimi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati