Harbiy xizmatchilar “Yashil makon” loyihalarida faol ishtirok etmoqda

0
1590

Oʻsimliklar dunyosi hayot uchun zarur kislorodning asosiy manbaidir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kishining kislorodga boʻlgan ehtiyoji uchun sakkizta daraxt kerak boʻladi. Koʻklam yaqinlashishi bilan yurtimiz boʻylab hasharlar, koʻchat ekish aksiyalari har qachongindan ham qizgʻinroq tus oladi.

Taʻkidlash joizki, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarida harbiy xizmatchilar ham faol qatnashmoqda. Xususan, Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent shahri, Navoiy va Fargʻona viloyatlaridagi harbiy qismlarning harbiy xizmatchilari tomonidan tuman markazlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, mehr-saxovat va muruvvat uylari hududlarida, qabristonlarda tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilyapti.

Yurt himoyachilari tomonidan ariqlar tozalanib, daraxtlar va yerlarga ishlov berilmoqda, bolalar maydonchalarida qurilish-taʻmirlash ishlari olib borilmoqda.

“Yashil makon barpo etishda oʻz xissamni qoʻshaman” shiorida oʻtkazilayotgan mazkur aksiyada hududlarda istiqomat qilayotgan aholi, ayniqsa, yoshlar faol qatnashmoqda.

Shuningdek, Namangan garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari Gʻurumsaroy dala oʻquv maydonida jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan foydalanilmaydigan hududining 5 gektariga mingdan ortiq mevali va manzarali daraxt nihollar ekdi. 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti