Harbiy xizmatchilar, havaskor va professional ijodkorlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari taqdirlandi

0
795

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-sentabrdagi “Harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan “Yuksak jangovar ruh – askarning yengilmas kuchi, armiyaning qudratidir!” shiori ostida oʻtkazilgan “Qoʻshinlar madhiyasi”, “Eng jangovar qoʻshiq” hamda “Eng jangovar chaqiriq va shior” tanlovlari gʻoliblarini taqdirlash tadbiri oʻtkazildi. Unda yozuvchi va shoirlar, olimlar, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, harbiylar, havaskor va professional ijodkorlar hamda harbiy taʼlim muassasalari kursant va oʻquvchilari ishtirok etdi.

Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamkorligida tashkil qilingan mazkur tanlovlarning hududiy bosqichi 2022-yilning oktabr-dekabr oyida oʻtkazildi va unda jami 1178 nafar harbiy xizmatchilar, havaskor va professional ijodkorlar yangi ijod namunalari bilan ishtirok etdi.

Tanlovning respublika bosqichi 10-11-yanvar kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasida boʻlib oʻtgandi. Unda tanlovlarning hududiy bosqichida gʻolib boʻlgan jami 80 nafar ishtirokchi qatnashgan.

Hakamlar hayʼatining xulosasiga koʻra, “Eng jangovar qoʻshiq” hamda “Eng jangovar chaqiriq va shior” tanlovida 1, 2, 3- oʻrin gʻoliblari aniqlanib, munosib taqdirlandi. Shuningdek, “Qoʻshinlar madhiyasi” tanlovining qator yoʻnalishlarida ham bir nafardan ishtirokchilar gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Quvonarlisi, gʻolib ijrochilar safida qoʻshiq matni muallifi hamda bastakorlari ham taqdirlandi. Bu esa ijodkorlar mehnatini munosib va teng baxolash, ularni yangidan-yangi ijod namunalari yaratishga ragʻbatlantirishdan iborat.

Mamlakatimizdagi yangi davr ruhi barcha sohalar qatori Qurolli Kuchlar tizimida ham yangilanishlarni boshlab berdi. Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida mudofaa ishlari yangi bosqichga koʻtarildi. Taʼbir joiz boʻlsa, Yangi Oʻzbekistonning chinakam yangi armiyasi shakllandi. Ayniqsa, yurtimizda Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilarining maʼnaviy-axloqiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish, turli murakkab va ogʻir vaziyatlarga nisbatan bardoshliligini, yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlash orqali milliy armiyamizning jangovar shayligi va qudratini kuchaytirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kuchli ruhiy-maʼnaviy tarbiya nafaqat Qurolli Kuchlar tizimi uchun, balki mamlakat yoshlari uchun ham eng muhim vositadir. Aynan maʼnaviy-ruhiy tarbiya kerak paytda qalqon, kerak paytda himoya quroli vazifasini oʻtay oladi. Ana shu maʼnoda, hushyorlik, maʼnaviy-ruhiy tarbiya, vatanparvarlik har bir yurakda uygʻotuvchi kuch boʻlishi kerak. Maʼnaviy poydevorga ega boʻlmagan qalbga, gʻaflat bosgan yuraklarga oʻzgalar bayrogʻini tikishga hozirligini hech qachon unutmaslik lozim. “Qoʻshinlar madhiyasi”, “Eng jangovar qoʻshiq” hamda “Eng jangovar chaqiriq va shior” tanlovlari oʻtkazilishi ham harbiy xizmatchilar, ijodkorlar qalbida adabiyotga, sanʼatga mehr orqali Vatanga muhabbat, sharafli burchga sodiqlik, yot gʻoyalarga qarshi kurashish ruhini oshirishdek ezgu maqsadlarni koʻzlaydi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti