Toshkentda oʻgʻlonlar muddatli harbiy xizmatga yoʻl oldi

0
3510

Bugun, 9-mart kuni Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasi yigʻin punktida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kuzatishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari, Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi, Toshkent harbiy prokurori, shuningdek, muddatli harbiy xizmatga ketayotgan yigitlarning oila aʻzolari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilgan islohotlar, harbiy xizmatning ahamiyati, xizmatchilar uchun joriy etilgan imtiyoz va yengilliklar haqida soʻz yuritildi, Vatanni himoya qilishdek muqaddas va sharafli burchni bajarishga shay turgan oʻgʻlonlarga bukilmas iroda, soʻnmas matonat va kuch-gʻayrat tilandi.

Vatan oldidagi muqaddas burchni ado etishga ahd qilgan yigitlar harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar bilan kuzatildi. Ta’kidlash kerakki, respublikamizning barcha hududlarida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga joʻnatish tadbirlari shu kabi tantanali ruhda davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

Qaror bilan chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining chaqiruv yoshidagi fuqarolari 2023-yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi belgilangan.

Harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan, cheklovlar bilan yaroqli bo‘lgan hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq ushbu chaqiruv davrida Qurolli Kuchlar safiga chaqirilmaydigan fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga olinadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti