Mudofaa vazirining 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan bayram tabrigi

0
994

Oʻrtoq harbiy xizmatchi-ayollar, aziz opa-singillar!

Avvalo, Sizlarni, Sizlarning timsolingizda bugungi kunda biz bilan yelkama-yelka boʻlib, jonajon Vatanimizning osoyishtaligini himoya qilish yoʻlida fidoyilik ila xizmat qilayotgan barcha ayollarimizni ezgulik va goʻzallik bayrami 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, ming yillar davomida oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi.

Chunki sizlar bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir!

Qadrli ayollar!

Bugungi kunda xotin-qizlarimiz Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan izchil demokratik jarayonlarning faol tashabbuskori va ishtirokchisiga aylanib borayotgani, qolaversa, Vatanimiz taraqqiyoti hamda oila va jamiyat hayotida muhim oʻringa ega boʻlayotgani barchamizni quvontiradi.

Ayollarimiz mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi barcha sohalarda, xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sogʻliqni saqlash, taʼlim, maʼrifat, madaniyat, shu bilan birga mamlakatimiz mudofaasi va jamiyatimiz farovonligini taʼminlash hamda boshqa yoʻnalishlarda samarali mehnat qilishmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bugungi kunda birgina vazirlik tizimida 5 mingdan ortiq ayollarimiz fidoiylik bilan mehnat qilib kelmoqda.

Ular orasida yurtimiz sharafini yanada ulugʻlayotgan harbiy sportchi qizlarimiz, harbiy xizmatchilarning salomatligini taʼminlash yoʻlida jonbozlik koʻrsatayotgan tibbiyot xodimlari, taʼlim muassasalarimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalayotgan oʻqituvchi-murabbiylarimiz, bir soʻz bilan aytganda, harbiy qism va muassasalarda erkaklar bilan bir safda turib, yurtimiz himoyasi yoʻlida, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda ibrat koʻrsatayotgan barcha opa-singillarimizning fidokorona mehnatini mamnuniyat bilan tilga olsak arziydi.

Hurmatli opa-singillar!

Hech kimga sir emas, azal-azaldan Ona siymosini, ayol zotini tengsiz moʻjiza deb bilamiz, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaymiz. Ayol zoti, uning qanday tengsiz latofat va nafosat sohibasi, ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi ekani haqida tariximizda ulugʻ mutafakkirlar, shoir va allomalar qanchadan-qancha dil soʻzlarini bayon etganlar.

Bu haqda gapirganda, avvalo, buyuk shoir va alloma Mir Alisher Navoiyining “Jannat onalarning oyogʻi ostidadir” degan hikmatli soʻzlarini yana bir bor eslaymiz va mehribon, muqaddas Ona siymosi oldida barchamiz bosh egib, taʼzim qilamiz.

Sizlarni qancha ulugʻlasak, hayotimizning chirogʻi, umrimizning guli deb eʼzozlasak, demakki, oilamizni, Vatanimizni eʼzozlagan boʻlamiz.

Albatta, bugun harbiy xizmatchilarimizga mustahkam tayanch boʻlib turgan, uylariga fayz bagʻishlab, farzandlarining barkamol tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlgan rafiqalarining mehnatlarini alohida eʼtirof etishimiz lozim. Turmush oʻrtoqlarining ogʻir xizmatlarida yelkadosh boʻlib, harbiy xizmatning barcha mashaqqatlarini birga baham koʻrayotgan bu ayollarimiz har qanday tahsinga loyiqdirlar.

Muhtarama ayollar!

Fursatdan foydalanib, Siz aziz ayollarimizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bora chin qalbimdan tabriklayman.

Sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi yoʻlidagi ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman. Doimo sevimli oilangiz ardogʻida boʻlib, farzandlaringizning kamolini koʻrib yuring! Qalbingizni quvonch, yuzingizni tabassum aslo tark etmasin!

Hurmat bilan, mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir KURBANOV