Ayol borki, olam munavvar

0
2694

Ayol – millatning boshi, jami fazlu yaxshilik undan boshlanadi. Shuning uchun ham hayotimizga mazmun bagʻishlaydigan, farzandlar qalbiga odamiylik, mardlik, oliyjanoblik fazilatlarini goʻzal tarbiya orqali singdira oladigan onalar, ayollar har bir davlatda qadrlidir. Yurtimizda har yili 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramining koʻtarinki ruhda nishonlanishi zamirida aslida millatdoshlarimizning bu nozik xilqat vakillariga boʻlgan hurmati va ehtiromi mujassam.

Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida ham goʻzal faslning ushbu nafis bayrami oʻzgacha ruhda nishonlandi. Tantanada mudofaa vazirining oʻrinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari va vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan ayollar ishtirok etdi.

Dastlab general-mayor Hamdam Qarshiyev mudofaa vazirining xotin-qizlarga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Shundan soʻng bir guruh harbiy va Qurolli Kuchlar xizmatchi ayollari mudofaa vazirining esdalik nishoni, “Namunali xizmati uchun” va “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” koʻkrak nishonlari hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Tantanada soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatimizdagi oʻrni va mavqeini oshirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga toʻxtaldi. Noziq qalb sohiblariga koʻrsatilayotgan bunday yuksak eʼtibor, ehtirom sabab ularning har jabhada faolligi koʻzga tashlanayotganini taʼkidlashdi. Xususan, sharafli kasb – harbiy sohada ham fidokorona xizmat qilayotgan ayollarning borligi, ulardagi fidoiylik, burchga sadoqat koʻngillarda cheksiz faxr, iftixor tuygʻularini junbushga keltirishini eʼtirof etish barobarida ayol harbiy xizmatchilarning Xalqaro armiya oʻyinlarida, turli musobaqalarda erishayotgan yutuqlarini, qoʻlga kiritayotgan natijalarini, kasbiy mahorati, tajribasini olqishladilar.

– Ayol kishi uchun ehtiromning qiymati bebeho, – deydi “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faol ishtiroki uchun” koʻkrak nishoni sohibi Sayyora Agzamova. – Kasbim tufayli eʼzozlanganimdan behad shodman. Erishgan bu yutugʻimda qadrdon jamoamning ham hissasi beqiyos. Ulardan minnatdorman. Tilagim, bizni hurmat qilganlar hamisha shunday ulugʻlar qatorida boʻlishsin.

Bayram tantanasi koʻngillardagi ana shunday ezgu tilak va istaklarni yuzaga chiqardi. Ayollar kulgusi, shodligidan atrof-olam yana-da yorishib ketgandek boʻldi. Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari hamda taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi konsert dasturi esa koʻngillardagi inja tuygʻularga sayqal berdi.

Shuningdek, bayram tadbirlari barcha harbiy okruglar, harbiy qism va muassasalarda tantanali nishonlanmoqda.

Podpolkovnik Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti