Marafon bayram sayliga ulanib ketdi

0
841

Termiz shahrida Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyati boʻlimi hamda kuch tuzilmalari hamkorligida “Xavfsiz hayot uchun” marafoni va harbiy-vatanparvarlik bayram tadbiri oʻtkazildi. Erta tongdan “Surxon” stadionidan boshlangan bayram kechki payt yoshlar markazida davom ettirildi.

Marafon musobaqasi davomida mahalliy yoshlar, kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari va turli yoshdagi fuqarolar yugurish, sportcha yurish hamda velopoyga yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro bahs olib borishdi. Ishtirokchilar shahar markaziy koʻchasi boʻylab belgilangan marra tomon harakat qilishdi. Ular shahar aholisi tomonidan munosib qoʻllab-quvvatlab turildi.

Marafon yakunida gʻolib va sovrindorlar viloyat hokimiyati tomonidan qimmatbaho sovgʻa va pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimida marafonning eng yosh qatnashchisi, 2 yoshli Muhammadali Joʻraboyevga ham maxsus sovgʻa topshirildi. Erta tongda marafon musobaqasi bilan boshlangan bayram tadbirlari kechga borib Yoshlar markazida davom etdi. Harbiy orkestr va mahalliy yoshlar ijrosida Vatanga sadoqat mavzusidagi kuy-qoʻshiqlar yangragan konsert dasturi sumalak sayliga ulanib ketdi.

Kechki saylda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ham ishtirok etdi.

Harbiy xizmatchilar ishtirokidagi bunday sayllar Surxon vohasida joylashgan barcha garnizonlarda boʻlib oʻtmoqda.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti