“Qiziltogʻ” hududidagi yashil maydon

0
4105

Yaylovdek bepoyon, qarovsiz boʻlib qolgan hudud koʻrkam va chegarasi koʻrinmas boqqa aylanishi atrofdagi aholining hayrat va havasini keltirardi. Tashabbuskorlarni behuda urinishda ayblaganlar ham uchragan ekan. Mana oradan uch yil oʻtib, mahalla-koʻy ham katta maqsadlar yoʻlidagi Vatan himoyachilarining qadrdoniga, hamkoriga aylandi.

Toshkent viloyati Parkent tumani “Qiziltogʻ” (“Krasnogorsk”) aholi punkti togʻ yon atrofidan Mudofaa vazirligiga biriktirilgan hudud bu kunga kelib obod bir goʻshaga aylandi. Bugun boʻlib oʻtgan katta hashar chogʻida “Tolbuloq” mahallasi faollari ham harbiy xizmatchilarga xuddi oʻz farzandlaridek muomala, munosabatda boʻldilar. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlaridan behad minnatdor ekanliklarini izhor qildilar.

—Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan respublikamiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilingandi. Shu asosda 2021-yili keng koʻlamli, tizimli faoliyat boshlangandi. Qilingan mehnatlar mahsuli oʻlaroq, hozirga kelib juda koʻplab mevali va manzarali daraxtlar koʻzimizni quvnatib, boʻy koʻrsatib turibdi. Koʻchat ekish ishlari esa jadal surʼatda davom ettirilmoqda, – deydi podpolkovnik Anvar Hamidov.

Taʼkidlash kerakki, oʻtgan qisqa muddat davomida 500 mingdan ortiq nihollar umid bilan yerga qadalgan. Ular kun kelib, oʻzining mevasini berishiga shubha yoʻq.

Kapitan Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti