Harbiy xizmatchi ayollar spartakiadasi yakunlandi

0
1445

Bahorni bejizga ayolga qiyoslashmaydi. Balki bunga ob-havoning aynan bahor faslida oʻzgaruvchanligi asos qilib olingandir. Balki bahorning uygʻonishi goʻzallikka oshufta koʻngillarga taskin berishdadir. Nima boʻlganda ham qahraton qishning qahridan iliqlik va nafosatga qadam qoʻyishning ilk oyi boʻlgan 8-mart kuni — Xalqaro xotin-qizlar kuni keng nishonlanadi. Bayramni koʻtarinki kayfiyatda oʻtkazish uchun barcha jabhalarda jadal ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan ham qoʻshinlarda oʻz faoliyatini yuritayotgan harbiy ayollarni bir goʻshaga yigʻib, ularni doʻstona birdamligini oshirish va ular oʻrtasida sogʻlom raqobatni rivojlantirish uchun spartakiada oʻtkazildi.

Qizgʻin va qiziqarli manzara kasb etgan nozik xilqat vakilalari oʻrtasidagi sport musobaqalari murosasiz bahslarga boy boʻldi. Ushbu spartakiadani baholab borish hakamlarga ham oson boʻlmadi. Yildan yilga tajribasi ortib borayotgan harbiy ayollar oʻz okruglari, qoʻmondonliklari, harbiy bilim yurtlari va harbiy qismlari shaʼni uchun bor kuch-gʻayratlarini ayashmadi. Musobaqada gʻolib va magʻlublar boʻlishi tabiiy. Oʻtgan toʻrt kun davomida sportning toʻqqiz turi boʻyicha oʻtkazilgan musobaqalarda gʻolib va sovrindorlar aniqlanib, taqdirlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining katta zalida boʻlib oʻtgan taqdirlash marosimi diplom, medal, kubok va qimmatbaho sovgʻalarga boy boʻldi.

Birinchi yoʻnalish boʻlgan arqon tortish musobaqasi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari jamoasi ustunligida yakunlandi. Ikkinchi oʻrin Mudofaa vazirligi markaziy aloqa uzeli jamoasiga nasib etgan boʻlsa, uchinchi oʻrinni Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti harbiy ayollari band etishdi.

Ikkinchi yoʻnalish boʻlgan estafetada esa birinchi oʻrinni Maxsus avariya-tiklash boshqarmasi jamoasi, ikkinchi oʻrin Toshkent harbiy okrugi jamoasi, uchinchi oʻrinni esa Mudofaa vazirligi markaziy aloqa tarmog‘i jamoasi band etdi.

Uchinchi yoʻnalish boʻlgan darts yakkalik tartibida ham gʻoliblar aniqlandi. Unga koʻra, birinchi oʻrinni III darajali serjant Alfiya Ufimskaya, ikkinchi oʻrinni kichik serjant Muxtasam Akmalova, uchinchi oʻrinni II darajali serjant Tamara Tajimuratova qoʻlga kiritdi.

Toʻrtinchi yoʻnalish armrestlingda kichik serjant Shohida Gapparova birinchi, kichik serjant Dilnavoz Sherqulova ikkinchi, kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Mavluda Rahimova uchinchi oʻrinni egalladi.

Beshinchi shartda jamoa aʼzolari badminton oʻynadi. Unda I darajali serjant Barno Irmatova birinchi, serjant Tatyana Garashenko ikkinchi, katta serjant Yelena Slivkina uchinchi oʻrinni egalladi.

Oltinchi shartda avtomatdan 100 metr masofadagi nishonga qarata oʻq otildi. Unda kichik serjant Iroda Olimova nishonga aniq oʻq uzishda yetakchilik qildi va birinchi oʻrinni egalladi. Ikkinchi oʻrinni kichik serjant Muhabbat Yarmalova va uchinchi oʻrinni Zebiniso Valixonova egalladi.

Yettinchi shart stol tennisi boʻldi. Unda katta serjant Yorqinoy Murodova yaqqol ustunlikni hech kimga bermadi. Ikkinchi oʻrinni II darajali serjant Feruza Ismoilova band etgan boʻlsa, bu shartning uchinchi oʻrnini kichik serjant Aziza Habibova band etdi.

Sakkizinchi shart esa 50 metrga suzish bahslari bilan davom etdi. Unda kichik serjant Hayotxon Abdumannopova yaqqol ustunlik bilan birinchi oʻrinni egalladi. Ikkinchi oʻrin kichik serjant Yevgeniya Stratulat band etdi. Suzish musobaqasining uchinchi oʻrnini III darajali serjant Svetlana Karabayeva egalladi.

Va nihoyat musobaqaning soʻngi sharti boʻlgan “voleybol” shartida Mudofaa vazirligi Markaziy aloqa tarmog‘i jamoasi birinchi, Toshkent harbiy okrugi jamoasi ikkinchi, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi jamoasi esa uchinchi oʻrinni qoʻlga kiritishdi.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida faoliyat yuritayotgan ayol harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi 2023-yilda oʻtkazilgan spartakiadaning bosh sovriniga Markaziy aloqa uzeli jamoasi loyiq koʻrildi. Ikkinchi oʻrin Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari jamoasiga nasib etgan boʻlsa, musobaqada ishtirok etgan 12 ta jamoa orasidan uchinchi oʻrin Toshkent harbiy okrugi jamoasiga nasib etdi.

Taqdirlash marosimida soʻzga chiqqanlar gʻolib va sovrindorlarni tabrikladi. Qolaversa, yangilanish va yasharash fasli boʻlgan bahor va ayollar bayrami bilan samimiy tilaklar izhor etildi. Spartakiada qatnashgan barcha harbiy ayollarga gul taqdim etildi. Taqdirlash soʻngida harbiy ansanbl xonandalari ijrosida ayolni tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar yangradi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti