Chimyonda biatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati boshlandi

0
780

Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti va Biatlon federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Mazkur memorandumga asosan Chimyon tog‘ tayyorgarligi o‘quv-mashqlar markazi yordamida biatlon musobaqasini tashkil etish belgilangan. Bugun, 4-mart kuni Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Chimyon tog‘ yonbag‘rida biatlon sport turi bo‘yicha ilk bor O‘zbekiston chempionati boshlandi.

Sport bellashuvlarining tantanali ochilish marosimida Mudofaa vazirligi Tog‘ o‘quv markazi harbiy xizmatchilarining sovuq va qorli iqlimdagi harakat elementlari yig‘ilganlarga namoyish etildi. Unda qor bilan qoplangan tog‘li hududlarda harbiy xizmatchilar harakatlarini yengillashtirib tezlashtiruvchi qorda yurish uchun mo‘ljallangan maxsus texnika, chang‘i va boshqa moslamalardan foydalanilgan holda turli mashqlar bajarildi.

“O‘ylaymizki, bu ishlarning boshlanishi katta maqsad va marralarning debochasidir. Kelajakda bu sport turini rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayniqsa, ushbu sportning tezkor harakatlanish, chang‘ilarda yurish va pnevmatik qurollardan o‘q otish mashqlari yoshlarni zamonaviy sharoitda chiniqishiga, harbiy xizmatga qiziqishiga sabab bo‘ladi”, — deydi “Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi raisi Husan Botirov.

Ta’kidlash kerakki, biatlon sport turi yurtimizda yangi sport turlaridan biri bo‘lib, Biatlon federatsiyasi 2022-yilda tashkil etilgan. Biatlon qishgi Olimpiada sport turlariga kiritilgan, bugungi musobaqa ham O‘zbekiston yoshlari uchun Olimpiada sari tayyorgarlikning ilk qadamlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Kapitan Aziz Norqulov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti