“Doʻstlik-2023”: Hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlari davomida “Oʻzbekiston kuni” oʻtkazildi

0
945

Hindistonning Uttarakxand shtatidagi 438-polk hududida doʻstona ruhda va yuqori kayfiyatda toʻrtinchi marotaba oʻtkazilayotgan “Doʻstlik-2023” hamkorlikdagi oʻzbek-hind oʻquv mashgʻulotlari doirasida ikki davlat harbiy xizmatchilari oʻz mamlakatlarining madaniyati, tarixiy urf-odat va anʼanalari, sanʼati, milliy taomlari, kuy-qoʻshiqlari hamda oʻyinlarini namoyish etishdi.

Oʻquv mashgʻulotlari doirasida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston kuni”da harbiy xizmatchilarimiz oʻzbek milliy taomlaridan palov, qozon kabob, tovuq kabob, dimlama, tuxum barak hamda turli xil salatlar bilan mezbonlarni siylashdi. Oshpazlik kasbini ham puxta egallagan qoʻli gul Vatanimiz posbonlari har bir taomni mehr bilan tayyorlab, masalliqlarni asosan yurtimizdan olib kelingan mahsulotlardan ishlatishga harakat qilishdi.

Navbatdagi oʻquv joyida milliy anʼanalarimiz, madaniyatimiz, hunarmandchilik, kulolchilik, toʻquvchilik sanʼati aks etgan koʻrgazma namoyish etildi.

Hindistonlik harbiylar ham oʻzbekistonlik hamkasblariga hind milliy madaniyati, urf-odat va anʼanalarini, milliy taomlar hamda sanʼatning boshqa turlarini koʻrgazmali ravishda namoyish etishdi.

Bayramona kayfiyatni bagʻishlagan konsert dasturida oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan hindcha hamda hindistonlik harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan koʻy-qoʻshiqlar, raqs va oʻyinlar barchada katta taassurot qoldirdi.

Oʻzbekiston va Hindiston kunlarida tashkil etilgan koʻrgazmalar va konsert dasturlari ikki davlat buyuk tarixga, urf-odat, anʼanalar va qadriyatlarga, milliy taom va ajoyib sanʼatiga ega ekanligini namoyish etib, barcha ishtirokchilar xotirasida unutilmas voqea boʻlib muhrlandi.

Podpolkovnik Timur Narziyev,

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshligʻi.

Uttarakxand shtati, Hindiston