SHHT davlatlarining Mudofaa vazirliklari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik mustahkamlanmoqda

0
859

Hindistonning joriy yil Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida Dehli shahrida qator xalqaro tadbirlar tashkil etilayotir. Mazkur koʻp tomonlama anjumanlarda Oʻzbekistonning vazirlik va idoralari vakillari, turli soha mutaxassislari ham faol ishtirok etishmoqda.

SHHTga aʼzo davlatlar Mudofaa vazirliklarining xalqaro hamkorlik masalalariga masʼul tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari uchrashuvida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi qatnashdi.

Tadbirda SHHTga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlarining navbatdagi yigʻilishi tashkiliy masalalari, tadbir dasturi va kun tartibi, SHHT Mudofaa vazirliklari oʻrtasida 2024-2025-yillarga moʻljallangan xalqaro harbiy hamkorlik rejasi loyihalari muhokama etildi.

Shuningdek, mart oyida Hindiston mezbonligida oʻtkaziladigan “Insonparvarlik yordami va tabiiy ofatlar vaqtida xavflarni kamaytirishga koʻmaklashish hamda tabiiy ofatlarga chidamli infratuzilmalar” va “SHHTga aʼzo davlatlar Qurolli kuchlarining harbiy tibbiyot, aholi salomatligi va pandemiyaga qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi” mavzularidagi seminarlarga tayyorgarlik koʻrish hamda ushbu anjumanlarda xorijiy delegatsiyalarning ishtiroki masalalari koʻrib chiqildi.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha ishtirokchilar oʻrtasida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan kelishuvga erishilib, tegishli bayonot imzolandi.