Bilim yurti chinakam bahslar maydoniga aylandi

0
1041

Bugun, 3-mart kuni Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti quvnoq va maroqli uchrashuvlar manziliga aylandi. Ushbu bilim yurti yoshlar bilan ishlash, ularda vatanparvarlik ruhini yanada oshirish, turli ekskursiya va doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha katta tajribaga ega, desak yanglishmagan boʻlamiz. Xususan, bugun Chirchiq shahrida joylashgan umumtaʼlim maktablari oʻquvchi-yoshlari uchun “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazilgani ham fikrimiz isbotidir.

Oʻtkazilgan tadbirda bilim yurti kursantlari, muddatli harbiy xizmatchilar va 500 dan ortiq oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir doirasida yoshlardan iborat jamoalar shakllantirilib, ular oʻrtasida sportning “Arqon tortish”, “Quvnoq estafeta” va “Turnikda tortilish” turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi. Bu, eng avvalo, ishtirokchilarda sportga boʻlgan doimiy qiziqishni ortishiga xizmat qilsa, gʻoliblarning bilim yurti rahbariyati tomonidan ragʻbatlantirib borilishi ulardagi shijoatning oʻsishiga xizmat qilishi tabiiy.

Qizgʻin bahslardan soʻng, yoshlar ishtirokida bilim yurti tarixi va bugungi kundagi faoliyatini yoritib beruvchi videorolik namoyish etildi. Kursantlarning taʼlim olishlari va yashashlari uchun yaratilgan sharoitlar, ayniqsa, barchada yorqin taassurot qoldirdi.

Shuningdek, kunning ikkinchi qismida bilim yurti harbiy xizmatchilarining oilalari oʻrtasida yana bir qiziqarli koʻrik tanlovga start berildi. Darvoqe, shirin taom tayyorlash – bu har bir uy bekasi uchun muhim jarayondir. 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Pazanda ayol” koʻrik tanlovi barchaning birdek eʼtibor markazida boʻldi. Musobaqa uch bosqichda oʻtkazilib, ishtirokchilarning pazandalikdagi oʻziga xos yondashuvi, salat tayyorlash va taomni oʻziga xos koʻrinishda taqdim eta olish mahorati hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi. Musobaqa yakunida yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilar bilim yurti rahbariyati tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti