“Doim oxirigacha kurashaman” — Yilning eng yaxshi ayol sportchisi Svetlana Osipova

0
507

Birinchi boʻlish baxti hammaga ham nasib etavermaydi. 2022-yil Taekvondo WT yoʻnalishida jahonda tengsizligini isbotlagan Svetlana Osipova, yurtimizning ham birinchi va hozirgacha yagona chempion ayol taekvondochisi sifatida tarixga muhrlandi. Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi, Qurolli Kuchlar xizmatchisi sifatida faoliyat yuritayotgan 22 yoshli Svetlanaga 2022-yil juda omadli keldi. U “Milliy sport mukofoti – 2022” marosimida “Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” deya eʼtirof etildi.

Sport doim yordam beradi

Taekvondo bilan shugʻullanishni boshalaganimda 15 yoshda edim. 2015-yil dadamning tavsiyasi bilan murabbiy qoʻliga borganimda sportdan umuman xabarim boʻlmagan. Oʻshanda dadam menga agar bu sport turi yoqmasa, keyinchalik bemalol oʻzgartirish imkonim borligi aytgandi. Onam va boshqa ayrim qarindoshlarimizning qarshiligiga qaramasdan, mashgʻulotlarga qatnay boshladim. Aksiga olib, zalda meni murabbiydan boshqa hech kim tushunmasdi. Millatim rus boʻlgani uchun oʻzbek tilini bilmaganman. Ancha qiynalganimdan keyin, oʻzbek tilini oʻrganishga qaror qildim. Lugʻatlar oldim, oʻzbek tilidagi filmlarni tomosha qildim. Bu harakatlarim natija berdi va men bemalol oʻzbek tilida soʻzlasha boshladim. Toʻgʻri, sof adabiy tilda gapira olmayman, ammo doʻstlarimni bemalol tushunib, ularga ham oʻz fikrimni erkin ifoda etaman. 2019-yil “Zulfiya” davlat mukofotini olganman. Oʻshanda hayʼat aʼzolariga oʻzbek tilida sheʼr aytib berganimda, ular hayratlangan edi.

Aksariyat insonlar oʻylaydiki, sport bilan shugʻillanish koʻp vaqtni oladi va boshqa vazifalarni bajarishga imkon qolmaydi. Tajribamdan kelib chiqib aytamanki, sport bilan shugʻillanish har doim insonga yordam beradi. Tana sogʻ boʻlsa, maʼnaviy ozuqa olish uchun miyamizga imkoniyatlar eshigi keng ochilarkan.

Mutolaa…

Boʻsh vaqtim boʻldi deguncha kitob oʻqiyman. Asosan yaxshi koʻrib oʻqiydigan janrlarim detektiv, drama va psixologiyaga oid ilmiy va badiiy asarlar. Insoniyat borki, jumboqli voqea-hodisalar va ularning yechimiga boʻlgan qiziqishlari soʻnmagan, soʻnmaydi ham. Dramani sevib oʻqishimning sababi yoshim bilan bogʻliq boʻlsa kerak deb oʻylayman. Psixologiyaga oid badiiy va ilmiy asarlarga kasbim sabab doimiy ehtiyojim bor. 2021-yil Tokioda boʻlib oʻtgan Olimpiada men uchun omadsiz boʻldi. Juda tushkunlikka tushib qoldim. Stress, hatto depressiya holatini boshimdan oʻtkazdim. Qayta oyoqqa turishim va sportga qaytishim uchun yaqinlarim, murabbiylarim va psixologiyaga oid asarlar mutoalaasi koʻmak berdi. Tabiatan kuzatuvchanman. Har bir insonning ichki kechinmalarini xatti-harakatlari va soʻzlashuvdagi ohanglariga qarab turib, nimalarnidir bilgim keladi. Va aksariyat hollarda oʻsha insonga zimdan qoʻygan psixologik tashxisim toʻgʻri boʻlib chiqadi. Agar katta sportdan ketadigan vaqtim kelsa, psixolog sifatida ham oʻzimni sinab koʻrish niyatim yoʻq emas. Balki murabbiy sifatida, balki psixolog sifatida sportchilarni ruhlantiradigan motivatsiyalar berib, ularning gʻalabalariga oʻz hissamni qoʻsharman.

Tarixda noming qolishi…

Oʻtgan yili Meksikada boʻlib oʻtgan jahon chempionatida qatnashdim. Boshida Amerika Qoʻshma Shtatlari vakilasi bilan kuch sinashdim. Keyin avstriyalik sportchi bilan. Ikkovini ham yengib, yarim finalga chiqdim. Hayajon juda kuchli. Murabbiyim bilan gaplasharkanman, menda chempion boʻlish uchun imkoniyat borligini uqtirardi. Aslida, har qanday katta musobaqalarga borganimizda birinchi galda guruhdan chiqishni oʻylaymiz. Keyin uchinchi oʻrin uchun, undan keyin esa birinchi oʻrinni olishga boʻlgan kurashlar boshlanardi. Bu safar yarim finaldaman va birinchi oʻrinni olishim kerak degan his-tuygʻu menga va murabbiyimga tinchlik bermasdi. Oʻylab koʻring, Meksikada boʻlib oʻtayotgan Jahon chempionati, dunyoning eng saralangan taekvondochilari jamlangan arena. Kim bizning xohish istaklarimizga qarab oʻtarardi. Barcha davlat vakillari jon-jahdi bilan kurashadi. Taekvondo nafis sport turi emaski, xohish bilan natijaga erishib boʻlsa. Buning ustiga oʻtgan yillarda “COVID-19” sabab koʻpgina musobaqalar bekor qilingan. Oʻy-xayollarimda bitta fikr aylanardi: “Balki bunday imkon boshqa takrorlanmas, menga shu imkon soʻnggisi boʻlishi mumkinku!?”. Final bahslari boshlandi. Isroillik sportchi Dana Arzanni 3 raundda 2:1 hisobidagi natija bilan magʻlubiyatga uchratib, jahon chempioni degan nomga sazovor boʻldim. Bir muddat nima boʻlganini tushunmay qoldim. Inson juda xursand boʻlib ketsa ham, oʻng yoki tush ekanligini ajratish uchun qanchadir soniyalar kerak boʻlarkan…

Bayrogʻim qabul qilingan kun boshim uzra hilpiradi…

Chempion boʻlgan kunimda Vatanim bayrogʻi qabul qilingan kun edi. Dunyoning barcha davlatlari orasida uning eng yuqoriga koʻtarilishi menga gʻurur bagʻishladi. Jahonning barcha kanallari orqali yurtim madhiyasi jarang sochdi. Menga yana shunday hislar tuyuldiki, Vatanim madhiyasi barcha davlat madhiyalaridan chiroyli, mazmunli va davomli edi goʻyo. Oʻsha kuni badanim jimirladi-yu, ammo koʻzimdan yosh chiqmadi. Ikki koʻzim baland koʻtarilgan bayrogʻimizda, qoʻlim koʻksimda, tilim esa madhiyamizni takrorlardi. Bu baxtli onlar daqiqalar ichida oʻtib ketgan boʻlsa-da, ammo mening xotiramga bir umrga muhrlandi…

Hali missiyamni toʻliq uddalamadim…

Oldimgi qoʻygan maqsadlarim koʻp. Taekvondo WT yoʻnalishida yurtimizdagi ayollar orasida birinchi jahon chempioni boʻldim. Ammo bu yutuqqa murabbiylar koʻrsatmasi, ota-onamning koʻmagi va doʻstlarim tavsiyalari bilan erishdim. Sportchining yolgʻiz oʻzi hech narsani uddalay olmaydi. Shunday ekan meni qoʻllab turgan barcha-barchaga minnatdorlik bildiraman. Jahon chempioni boʻlish bilan oʻz oldimga qoʻygan maqsadimning oʻrtasiga yetib keldim. Hali qilinishi kerak boʻlgan ishlar juda koʻp. Yoshim 22 ekanligini inobatga olsak, zabt etilishi kerak boʻlgan choʻqqilar hali oldinda. Ularni jamoamiz bilan birgalikda, murabbiylarning koʻrsatmalari asosida yengamiz. Birgina niyatim, yurtim bayrogʻini balandlarda hilpirashiga hissamni qoʻshish va madhiyamni butun dunyo qayta va qayta tinglashiga sabachi boʻlish.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti