“Balli, ayollar” ko‘rik-tanlovining mutlaq g‘oliblari aniqlandi

0
7917

Harbiy oila bekalarini sabr va qanoat malikalari desak arziydi. Chunki harbiy xizmatchilarimiz qaysi go‘shada xizmatda bo‘lmasin, ularning umr yo‘ldoshi zahmatli xizmatlarida yelkadosh, sinovli kunlarida suyanchiq.

Mana shu oqila bekalarimiz orasida bilimdon, tadbirkor, zukko ayollarimiz borki, ularning intellektual salohiyati, iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish maqsadida harbiy qism va garnizonlarda ma’naviy-ma’rifiy va madaniy-hordiq tadbirlari tashkillashtirib kelinmoqda. “Men namunali harbiy oila bekasiman!” shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlari miqyosida bosqichma-bosqich o‘tkazilgan “Balli, ayollar!” ko‘rik-tanlovi ham fikrimiz dalilidir.

Maxsus avariya tiklash boshqarmasi majlislar zalida ushbu tanlovning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rik-tanlovda vazirlik tasarrufidagi okrug va muassasalarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar oilasining to’qqiz nafar zukko bekasi ishtirok etdi.

Bekalar to‘rt yo‘nalishda: “Men namunali harbiy oila bekasiman”, “Ignadan ip o‘tmasa”, “Bahru bayt” hamda “Biz To‘maris izdoshlarimiz” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Ularning har bir chiqishini nufuzli hay’at a’zolari odilona baholab bordi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bir-biridan bilimdon va iqtidorli qatnashuvchilarga munosib baho berish uchun hay’at a’zolari anchagina ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi. Chunki ularning har birining sahna ko‘rinishi o‘ziga xos e’tirof, yuqori bahoga sazovor. Biroq bellashuv o’z nomi bilan bellashuv va tanlov o‘z qahramonlarini kashf etmog‘i shart.

Shunga ko‘ra, hay’at a’zolarining shaffof tarzda belgilagan bahosiga asosan “Balli, ayollar!” ko‘rik-tanlovida oliy o‘rin, ya’ni mutlaq  g‘oliblik Toifalangan obyektlarni qo’riqlash qo’shinlari qo’mondonligi vakili Mohinur Mirzakarimovaga nasib etdi. Bu hali hammasi emas. Ushbu tanlovda 1-o’rinni bir yo’la ikki nafar nomzod Qurolli Kuchlar akademiyasidan Gulshan Qurbonova hamda Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari qo’mondonligidan Zarnigor Ibodova egalladi. Qolgan o’rinlar esa quyidagicha taqsimlandi:

Ikkinchi o’rin uchta: Janubiy operativ qo’mondonligidan Sarvinoz Karimova, Markaziy harbiy okrugdan Sarvinoz Dehqonova, Sharqiy harbiy okrugdan Shahnoza Muhammadova;

Uchinchi o’rin uchta: Toshkent harbiy okrugi Gulsanam Eshpo’latova, Shimoli-g’arbiy harbiy okrugdan Bahora Mahmudova, Janubi-g’arbiy maxsus harbiy okrugdan Zarnigor Ayibovalar g’oliblikni qo’lga kiritishdi.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirning yanada shukuhli o‘tishida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining “Impuls” jamoasi san’atkorlari munosib ulush qo‘shdi.

Barcha bellashuv ishtirokchilariga Mudofaa vazirligi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Sherzod EGAMBERDIYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti