“Doʻstlik—2023”: hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlari ishtirokchilari merganlik qobiliyatini namoyish etdi

0
929

Hindistonning Uttarakxand shtatidagi Himolay togʻ tizmalariga tutashgan “Badlani” qishlogʻida joylashgan 438-motooʻqchilar polkida boʻlib oʻtayotgan toʻrtinchi hamkorlikdagi oʻzbek-hind oʻquv mashgʻulotlari davomida ikki mamlakat harbiy xizmatchilari oʻzaro uygʻunlikda jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarini davom ettirmoqda.

Hindistonning 14-Garhwal Rifles batalyoni harbiy xizmatchilari bilan “Doʻstlik—2023” birgalikdagi oʻzbek—hind oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etayotgan oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilarning har bir kuni sermazmun va sermahsul oʻtyapti. Doʻstona ruhdagi har bir mashgʻulot harbiy xizmatchilarning nazariy va amaliy bilimlarining boyitilishiga, koʻproq tajriba almashish va mahoratlarini yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda.

Ayni kunlarda Hindiston zaminida olib borilayotgan ushbu oʻquv mashgʻulotlarida ikki davlat yurt himoyachilari oʻq otish tayyorgarligining sodda va murakkab maxsus mashqlarida merganlik mahoratini namoyon etmoqda.

Togʻli hududda oʻq otish tayyorgarligi boʻyicha mashgʻulotlarni olib borish, relyefning notekisliklarida joylashgan nishonlarni aniq moʻljalga olib otish harbiy xizmatchidan puxta tayyorgarlik va kuchli bilimni talab etadi.

Amaliy mashgʻulotlarga kirishishdan avval ikki mamlakat harbiy xizmatchilari togʻli hududdagi harbiy poligonda yoyilgan oʻquv nuqtalarida Hindiston armiyasida qoʻllaniladigan oʻqotar qurollarning tuzilishi, taktik-texnik tasnifi hamda ular bilan muomala qilishni oʻrganishdan boshladi.

Shundan keyin avtomatdan sodda oʻq otish mashqlari, yaʼni harakatlanmaydigan nishonlarga qarata pana joydan oʻq otish amalga oshirildi. Taʼkidlash joizki, yangicha quroldan ilk marotaba oʻq uzgan oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilarga nishonlarni yakson qilishi hech narsa toʻsqinlik qilmadi. Yoʻriqchi sifatida ishtirok etgan hindistonlik harbiy xizmatchilar oʻzbekistonlik hamkasblarining har bir harakatini diqqat bilan kuzatib bordi.

Navbatdagi bir nuqtadan bajariladigan maxsus mashqlar ikki davlat harbiy xizmatchilarining mahorati va professionalligini namoyish etishga zamin yaratdi. Togʻli hududda juft boʻlib harakatda oʻq otish mashqlarida ishtirok etgan harbiy xizmatchilar xamjihatlikda qoʻqqisdan paydo boʻluvchi va harakatlanuvchi nishonlarni yoʻq qildi.

Shundan soʻng ikki davlat harbiy xizmatchilari vertolyotdan arqon yordamida tushish maxsus mashqlarida ishtirok etdi. Bir-birini qoʻllab-quvvatlagan holda mashqlarni bajargan ikki davlat vakillari 10-20 metr balandlikka koʻtarilgan vertolyotdan pastga arqondan sirpangan holda tushishni hamda uchar texnika hududini himoyaga olishni hamkorlikda mashq qilishdi. Barcha mashgʻulotlar texnika va shaxsiy xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilgan holda bajarilmoqda. “Doʻstlik-2023” birgalikdagi oʻzbek—hind oʻquvlari davom etadi.

Podpolkovnik Timur Narziyev,

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati boshligʻi.

Uttarakxand shtati, Hindiston.